Ko‘rgazmalar

“BUXORONING ZARRIN JILVASI”

2023 yil 16-oktabr kuni  Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura san’ati muzeyida IV xalqaro amaliy san’at biyennalesi doirasida zardo‘z usta Nodir Rasulovning “Buxoroning zarrin jilvasinomli  zardo‘zlik asarlaridan iborat shaxsiy ko‘rgazmasi tashkil etildi.

O‘zbek zardo‘zligi san’ati milliy madaniyatimiz, san’atimizning ajralmas bo‘lagi hisoblanadi. Asrlar davomida rivoj topib, shakllanib kelayotgan bu san’at turi o‘zbek xalq amaliy bezak san’ati turlari orasida alohida o‘ringa egadir.  Qadimda ham, hozir ham zardo’zlik bilan shug’ullanadigan hunarmandlarni “zardo‘z” deb ataladi. Bu san’at o‘tgan asrning o‘rtalarida Buxoroda gurkirab rivojlangan. U yerda mohir ustalar amir va uning saroy ahli kiyadigan dabdabali kiyimlarga pardoz berishgan. Zardo‘zlik san’ati vakillari odatda erkaklarga mansub bo‘lgan va ular o‘z hunarini bolalariga meros qilib qoldirganlar. Shuningdek, zar tikish usullarini o‘zlashtirayotganda insondan sabr-toqat, e’tibor, tartibli bo‘lish talab etiladi.

Ana shunday  tajribali, istedodli hunarmandlardan biri Nodir Rasulovdir.

Nodir Rasulov Buxorolik zardo‘zlik san’ati ustasi. Hunarmand oilasida tavallud topgan: uning otasi yog‘och o‘ymakorligi bo‘yicha o‘z kasbining mohir ustasi, onasi va opa-singillari esa gilam kashtado‘zi bo‘lganlar. Bolaligidanoq turli qo‘l mehnati kasblarini sinab ko‘rgan Nodir usta zardo‘zlik ishiga alohida mehr bilan yondashadi. Bugungi kunda ayollar va erkaklar liboslaridan tortib, yostiq jildlari, parda kabi uy-ro‘zg‘or buyumlarigacha turli-tuman betakror gazlama namunalarini yaratib kelmoqda.

Nodir Rasulov doimiy ijodiy izlanishda: muzeylarning sara to‘plamlari va ilmiy izlanishlardagi an’anaviy naqsh bezaklariga murojaat etadi, yurtimiz bo‘ylab sayohat qilib, zardo‘zlikning hududlarga xos xususiyatlarini tadqiq etadi. U XXI asrda zarbof kashtachiligini asrab-avaylash maqsadida burungi ajdodlarning boy tajribasini zamonaviy dizayn bilan uyg‘unlashtirib, nafaqat O‘zbekiston, balki, chet davlatlari: Amerika, Fransiya, Eron, Turkiya, Angliya davlatlarini ham o’z ijodi bilan hayratga solib kelmoqda. Uning asarlari xorijiy muzeylarda saqlanmoqda.

Mazkur  ko‘rgazmada zardo‘zlik namunalaridan iborat 30 dan ortiq asarlar namoyish etilmoqda. Ko‘rgazma 30 oktyabrgacha davom etadi.