Ko‘rgazmalar

Shahrisabz kashtachiligi: qadim va zamon

6 iyun, 17:00 da O‘zbekiston Badiiy Akademiyasi Kamoliddin Behzod nomidagi memorial bog‘-muzeyida “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”ga bag‘ishlangan kashtado‘z Gulnora Odilovaning “Shahrisabz kashtachiligi: qadim va zamon” nomli shaxsiy ko‘rgazmasi bo’lib o‘tadi.

Kashtachilik – O‘zbekiston amaliy bezak san’ati turlari orasida qadimiy an’analariga ega bo‘lgan san’at turi hisoblanib, XIX asrdan boshlab O‘rta Osiyoning yirik savdo-hunarmandchilik markazlari va qishloqlariga keng tarqalgan, o‘ziga xosligi, an’anaviyligi bilan shuhrat qozongan. O‘zbekistonda asosan, oltita hududiy – Nurota, Buxoro, Shahrisabz, Samarqand, Toshkent hamda Farg‘ona kashtachiligi maktablari mavjud.

XIX asr oxirlariga kelib, Shahrisabz kashtalari xalq san’atining noyob asarlari darajasiga etdi va Temuriylar davridan buyon saqlanib kelayotgan an’anaviy madaniyatning nechog‘li betakror bo‘lganligini yana bir bor isbotladi.

Shahrisabz kashtasi gulbezaklarning ko‘pligiga ko‘ra, Buxoro va Nurota kashtachilik namunalariga yaqindir. Nurota kashtachiligida gul tasvirlariga nazokat va nafislik baxsh etuvchi erkin tagligi katta o‘rin tutsa, Shahrisabz kashtachiligida taglikni to‘laligicha naqsh bilan bezash yoki bezakning bir tekisda taqsimlanishi yanada yorqin aks etadi. Shu sababli Shahrisabz kashtachiligining asosiy va qo‘shimcha bezaklari boy va turli tumanligi, jozibali va serqirraligi bilan ajralib turadi. Barglar va gul zangilaridan iborat cheksiz bu manzara mo‘l ko‘lchilik, jo‘shqinlik, bahor va hayot ramzlarini ifodalaydi. Shahrisabz kashtachiligi asosan “iroqi” uslubida tikilsa-da, unda “yorma” va “kandaxayol” choklaridan keng foydalanilgan. Kashtaning hoshiyalari va markaziy maydonini ajratib turuvchi “oba” chiziq yo‘llari ham ana shunday uslubda bajarilgan.

Kashtachilik Gulnora Odilovaga momomeros hunar. Mohir kashtado‘z Shahrisabz kashtachiligi an’analarini davom ettirayotgan to‘rtinchi avlod hisoblanib, qariyb yigirma yildan buyon kashtachilik bilan shug‘ullanib keladi, o‘z o‘rnida farzandlari ham shu hunarni davomchilari hisoblanadi. Gulnora Odilova XVII asrda qo‘llanilgan va unutila boshlagan “iroqi” uslubini respublika va xorijiy muzeylarda saqlanayotgan Shaxrisabz kashtalarini ustozi Halima Boboqulova bilan qunt bilan o‘rganish natijasida an’anaviy nusxalarni qayta tikladi. Kashtado‘z o‘ziga xos uslubga ega bo‘lib, qo‘l mehnati va tabiiy ipakdan beqiyos ishlangan kashta-so‘zanalar, choponlar, yostiqjildlar, ayollar sumkasi, poyabzallar, va boshqa mahsulotlari bilan nafaqat, yurtimizda, xorijda ham o‘z o‘rniga ega hunarmandlardan. 2006 yilda “Tashabbus” ko‘rik-tanlovining mamlakat bosqichida “Eng yaxshi hunarmand” nominatsiyasi bo‘yicha birinchi o‘ringa loyiq deb topilgan. AQSH, Germaniya, Fransiya, Belgiya, Rossiya, Turkiya, Italiya, Gretsiya, Isroil, Malayziya va boshqa xorijiy davlatlarda o‘tkazilayotgan ko‘rgazmalarda ishtirok etgan va bir qancha diplom va nufuzli sovrinlar bilan taqdirlangan.

Shahrisabz kashtachiligi bo‘yicha mingdan ortiq shogirdlar tayyorlagan. U rahbarlik qilayotgan “Kesh-Osiyo karvoni” korxonasida bir necha yoshlarni hunarga o‘rgatib, ish bilan ta’minlamoqda. Ko‘rgazmadan Shahrisabz kashtachiligining yorqin namunalari – so‘zanalar, choponlar, yostiqlar, poyabzallar, sumkalar, bosh kiyimlar joy olgan.

Shuningdek, ekspozitsiyadan Raxmatullo Zokirov va Azamat Islomovlarning o‘zbek milliy cholg‘u asboblari ham o‘rin olganligi ko‘rgazmaga o‘zgacha ko‘rinish baxsh etgan.