Xalq amaliy san’ati durdonalari
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Kamoliddin Behzod nomidagi memorial bog‘-muzeyida O‘zbekiston xalq amaliy san’ati ustalarining «Abadiyat jilosi» nomli ko‘rgazmasi ochildi.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi A.Nuriddinov va boshqalar mamlakatimizda Prezidentimiz rahnamoligida milliy-madaniy merosimiz, jumladan, hunarmandlikni yanada rivojlantirish, xalq amaliy san’ati ustalarining mehnatini har jihatdan qo‘llab-quvvatlashga doimiy e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2016 yil 2 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni xalqimizning qadimiy va noyob madaniyatini yanada rivojlantirish, milliy hunarmandlik mahsulotlarini keng targ‘ib etish borasidagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Xalq amaliy san’ati durdonalari
Qo‘li gul ustalarning naqshinkor gul kompozitsiyasi, ganchkor ustunlar, murakkab geometrik usuldagi o‘tkir qirrali mehrob arkasi, milliy cholg‘u asboblari, kulollik buyumlari – lagan, kosa, guldon, uzoq tarixdan so‘zlovchi milliy xalq hunarmandligi buyumlari o‘zining fusunkorligi, naqshlar jilosi bilan ishtirokchilarni o‘ziga tortmoqda.
– Milliyligimizni o‘zida aks ettirib turuvchi xalq amaliy san’ati namunalari bilan kelajak avlodni tanishtirish biz ustalarning oldimizda turgan sharafli vazifalardan biridir, – deydi san’atshunos Saidaxbor Bo‘latov. – Ertamiz egalariga ajdodlarimizdan meros bu hunar sir-asrorlarini o‘rgatish, ularning ushbu hunarga bo‘lgan qiziqishini oshirish maqsadimizdir.
Mazkur ko‘rgazmada yigirmadan ortiq usta-hunarmandning ganchkorlik, naqqoshlik, yog‘och o‘ymakorligi, kulolchilik, xattotlik kabi ishlari tomoshabinlar e’tiboriga havola etilmoqda.
Shahnoza Mamaturopova, A’lo Abdullayev (surat), O‘zA