«Sharq nafis san’ati yoshlar nigohida-II» ko‘rgazmaning ochilishi
2 mart kuni Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura san’ati muzeyida «Sharq nafis san’ati yoshlar nigohida -II» nomli ko’rgazmaning ochilishi bo’lib o’tdi.
Mazkur ko`rgazma ilk bor 2017 yilda tashkil etilgan edi. Ushbu ko‘rgazmani har yili an’anaviy tarzda o‘tkazish – yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash, sharqona nafis san’at turlarining yillar o‘tgani sayin yoshlar nigohida turlicha aks etishini namoyish etish hamda iqtidorli yoshlarni yuzaga chiqarish maqsadida yo‘lga qo‘yildi.
Ko‘rgazma ishtirokchilarining safi kengaymoqda: o‘tgan yili faqat “Xattotlik va miniatyura” yo‘nalishining bitiruvchi talabalari qatnashgan bo‘lsa, bu yili Sayyora Saidova rahbarligida “Amaliy san’at” fakulteti professor-o‘qituvchilari va talabalari ham o‘z asarlari bilan ishtirok etmoqdalar. Kamoliddin Behzod nomidagi MRDI ning mahoratli pedagogi rassom-miniatyurachi Behzod Xadjimetov va uning shogirdlari tomonidan yaratilgan nafis sharqona miniatyura asarlari bilan bir qatorda zargarlik va kulolchilik buyumlari ham ko‘rgazma ekspozitsiyasidan o‘rin olgan. Talaba yoshlarning madaniy merosimizni o‘rganishga bo‘lgan ishtiyoqi va intilishi ularning iste’dodlarini shakllanishi, mahoratini oshib borishiga xizmat qiladi. Mazkur ko‘rgazma yoshlar uchun berilgan imkoniyat bo‘lib, san’atda yangi uslublarni yaratishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Yosh ijodkorlarimizga Sharq nafis san’atining yorqin namoyondalari izidan borib, iste’dodlarini rivojlantirib, etuk san’atkor bo‘lib etishishlariga tilakdoshmiz.
Ko‘rgazmadan 50 nafar yosh ijodkorlarning 80 dan ortiq asarlari o‘rin olgan.
Ko‘rgazma 2 martdan 25 martga qadar davom etadi.
Ma’lumot uchun telefon: 256-28-32.