Yangiliklar

I-Toshkent Xalqaro amaliy san’at festivali

Tashkilotchi – O‘zbekiston Badiiy Akademiyasi

Hamkor tashkilotlar: O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, “Xunarmand” xalq ustalar Assotsiatsiyasi, O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston milliy axborot agentligi, «O‘zbekiston havo yullari» MAK, Davlat bojxona qo‘mitasi, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi.

O‘tkazilish joyi – Toshkent shahrida, 6 – 11 noyabr kunlari, 2017 yil

Markaziy ko‘rgazmalar zali, O‘zbekiston Tasviriy san’at galereyasi, Toshkent Fotosuratlar uyi, I.Xiroyama nomidagi xalqaro madaniyat karvon saroyi, K.Behzod nomidagi Sharq miniatyura san’ati muzeyi.

Mustaqillikning bosib o‘tilgan chorak asrlik davrida madaniyat va san’at jabhasida ulkan ishlar amalga oshirildi. Kulolchilik, to‘qimachilik va kashtachilik mahalliy maktablari saqlab qolindi. «Usto va Shogird» an’anasi bo‘yicha o‘z hunarini yoshlarga yetkazayotgan malakali ustalarning bir necha avlodi yetishib chiqdi. Davlatimiz nafaqat O‘zbekiston xududida, balki uning tashqarisida ham amaliy san’atning rivoji va targ‘ibotini keng miqyosda qo‘llab-quvvatlamoqda.

I-Toshkent Xalqaro amaliy san’at festivalining maqsadi xalqaro aloqalarni mustahkamlash, O‘zbekiston va xorijiy davlatlar an’anaviy va zamonaviy amaliy san’atini ommalashtirish, unutilayozgan xalq hunarmandchiligini qayta tiklash, amaliy san’atda yangi shakllarni aniqlashdan iborat.

Festivalda Ozarbayjon, Buyuk Britaniya, Eron, Italiya, XXR, Janubiy Koreya, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Qrim, Latviya, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston, GFR, Yaponiya va O‘zbekistondan ustalar va kuratorlar ishtirok etadilar.

Festival ekspozitsiyasi zamonaviy amaliy san’atning an’anaviy turlari bilan bir qatorda noan’anaviy turlarining ham rivojini keng miqyosda ochib beradi. O‘zbekiston amaliy san’ati mohir ustalari Respublikada mavjud bo‘lgan kulolchilik, kashtachilik, to‘qimachilik, yog‘och o‘ymakorligi va zargarlik san’ati maktablarini namoyish qiladilar.

Davra suhbatida amaliy san’atning yetuk mutaxassislari an’anaviy va noan’anaviy hunarmandchilikning zamonaviy holatidagi muammolarni muhokama qiladilar.Mahorat darslari va zamonaviy liboslar namoyishi maxsus o‘quv muassasalari, festival mehmonlari va mutaxassislar uchun bo‘lib o‘tadi.

Mazkur Xalqaro festival bunday keng miqyosda Respublikada ilk marotaba o‘tkazilmoqda va o‘ziga xos tajribadir. Tashkilotchilarning o‘z oldiga qo‘ygan vazifalari – kelajakda ushbu tadbirni amaliy san’at Biyennalesiga aylantirishdir.

Kuratorlar: Gulnara Ishmuratova, Lobar Mirzabayeva

Ko‘rgazmalarning ochilishi:

6 noyabr, 16:00 – Markaziy ko‘rgazmalar zalida va K.Behzod nomidagi Sharq miniatyura san’ati muzeyida.

7 noyabr. 15:00 – Yoshlar ijod saroyida

7 noyabr, 16:30 – O‘zbekiston Tasviriy san’at galereyasida

8 noyabr, 11:30 – I.Xiroyama nomidagi xalqaro madaniyat karvon saroyida

9 noyabr, 10:00 – Toshkent Fotosuratlar uyida