UCH DARVESH
“UCH DARVESH”. 2016-yil.
Musavvir: Shorasul Shoahmedov
Shorasul Shoahmedov (1970-yilda tug‘ilgan) – zamonaviy miniatyura san’atining yetuk vakili, ustoz rassom. Respublika va xorijiy ko‘rgazmalarda ijodiy ishlari bilan ishtirok etgan. 2002-yil “Tashabbus” ko‘rik tanlovining Respublika bosqichida faxrli birinchi o‘rinni egallab, oltin medal bilan taqdirlangan. Uning sara asarlaridan biri “Uch darvesh” deb nomlangan.
Darvesh (fors tilidan – “kambag‘al, qashshoq”), shuningdek, qalandar, faqir, ya’ni o‘zini Alloh yo‘lida xizmat qilishga bag‘ishlagan va o‘zini o‘zi kamolotga yetishtirish yo‘liga kirgan inson, “so‘fiy” so‘ziga sinonim. Darveshning boshlang‘ich ma’nosini bildirgan “kambag‘al” so‘zi so‘fiylikning ixtiyoriy kambag‘allik, oz narsaga qanoat qilish haqidagi ta’limotidan kelib chiqqan. Darveshlar muayyan maslak (suluk)ka birlashgan va uning g‘oyalarini targ‘ib qilgan. Darveshlikning Kubroviya, Naqshbandiya va Yassaviya suluklari Markaziy Osiyoda paydo bo‘lgan.
Kompozitsiyada xaroba devor tagida o‘tirgan uch nafar darvesh qiyofasi tasvirlangan. Ikki darvesh ko‘zi yumilgan mast holatda bir-biriga suyangan bo‘lib, ulardan biri darveshlarning asosiy atributlaridan hisoblangan – yupqa arqon bilan o‘ralgan aso quchgan, uchinchi darvesh xaroba devor tagida diniy ekstaz holatida tasvirlangan.
Uchala darvesh ham qalandarlarning an’anaviy kiyimi – hirqa – ilma teshik yoki yamoqli to‘n kiyib olishgan. Ko‘plab tushirilgan yamoqlar “ma’naviy qashshoqlik” ramzi sifatida tikilgan. Ba’zi manbalarda keltirilishicha, hirqalar so‘fiylarning diniy ekstaz holatida yirtib tashlagan kiyimlaridan olingan yamoqlardan tikilgan bo‘lib, darveshning ushbu atributi muqaddas energetik ma’noga ega edi. Qalandarlardan birining boshida konussimon mo‘ynali bosh kiyim – kuloh, sargardon darvesh kiyimining ajralmas qismi hisoblanadi. Qolgan ikki darveshlarning boshlarida ham bosh kiyim mavjud: birida salla, boshqasida yirtilgan do‘ppi ko‘rsatilgan.
Ularning oldida uzoq safarlarda zarur bo‘ladigan darveshning atributlaridan bo‘lgan – suv uchun tomoshaqovoqdan yasalgan idish, kompozitsiyaning pastki qism o‘rtada chilim, uning yonida chiroq, siyohdon hamda ikkita – biri yopiq va biri ochiq holatda teskari qo‘yilgan kitob ko‘rsatilgan.
Pastki o‘ng burchakda tilla tangalar solingan siniq ko‘za tasvirlangan, bu esa foniy dunyoning mo‘rtligi va faqirlarning dunyoviy boyliklarga befarqligini anglatadi.
Qalandarlarning orqasida chigirning ramziy tasviri – “hayot charxpalagi”ni ifodalovchi suv tegirmoni aks ettirilgan.
Orqa planda fon sifatida qadimiy Buxoroning me’moriy yodgorligidan foydalanilgan, bu esa darveshlarning Naqshbandiya so‘fiylik tariqatiga mansubligini ko‘rsatadi.
Kompozitsiyaning ranglar yechimi sovuq va issiq tuslarning – kulrang-havorang va oxra-jigarrang mutanosibligiga asoslangan.
КК-1017