Без рубрики

HUSRAV CHO‘MILAYOTGAN SHIRINNI KO‘RISHI

“HUSRAV CHO‘MILAYOTGAN SHIRINNI KO‘RISHI” 

XV asr. O‘rta Osiyo miniatyura maktabi.

Nizomiy Ganjaviyning “Xamsa”asaridagi “Xusrav va Shirin” dostoniga  ishlangan miniatyura.

Xattot: Ali ibn Iskandariy al-Kuxistoniy.

Musavvir: Sulton Ali al-Bovardiy.

Ushbu asar Turkiyaning To‘pqopi Saroyi muzeyi kutubxonasida saqlanuvchi qo‘lyozmadan olingan miniatyuraning faksimil nusxasi hisoblanadi.

Xusrav va Shirinsyujetiga ko‘ra, Shirin Xusravning chizilgan siymosini ko‘rib, sevib qoladi va u bilan ko‘rishish maqsadida yo‘lga chiqadi. O‘n to‘rt kechayu kunduz yo‘l bosgach, chashmani ko‘rib qoladi va dam olish uchun yonida to‘xtab, cho‘milmoqchi bo‘ladi. Shu payt Xusrav paydo bo‘ladi va bexosdan Shirinni cho‘milayotgan holda ko‘rib qoladi.

Ko‘rarkim, suvqa kirmish bir yuzi kun,

Iyari, bog‘i, chug‘i barcha oltun.

To‘q rangli suv fonida yoyilgan uzun qora sochlarini tarab cho‘milayotgan Shirin va atrofdagi yashil fonda sarv daraxt ortida Shirinning oti Shabdiz tasvirlangan. Chashmaning yonida Shirinning qizil-ko‘k libos, shohona toj va oyoq kiyimlari qo‘yilgan.

Yashil adir fonida ajralib turuvchi qizil va feruza rangli kiyimda jigarrang ot ustida o‘tirgan Xusrav o‘ng qo‘lini labiga tekkizgancha Shiringa hayratda boqmoqda. Oltin osmon fonida yashil sarv daraxtlarining quyuq shox-shabbalari va pushtirang gullagan daraxt ko‘rinadi.

Tasvirning pastki qism o‘ng tomonida ko‘kish kulrangdagi qoyalar tasviri bor.

Voqealar och yashil butalar bilan qoplangan quyuq yashil tepalikda, shuningdek, iliq kunni anglatuvchi oltin osmon fonida sodir bo‘ladi.

Miniatyuraning tepa va pastki qismida matn mavjud.

KP-697