OYAT AL – KURSIY
“OYAT AL – KURSIY”. 2023-yil.
Muallif: Ulug‘bek Orifjonov
(1970 yilda tug‘ilgan)
Ulug‘bek Orifjonov – mashhur xattot, uning asarlari nafisligi va mahorati bilan e’tirof etilgan. Muallif turli ko‘rgazmalar va madaniy tadbirlarda faol ishtirok etadi. Uning asarlari islom dini bilan bog‘liq motivlardan tashkil topgan bo‘lib, yuqori darajadagi detallashtirilishi va badiiy ifodasi bilan ajralib turadi. Asar arab yozuvining eng qadimgi turlaridan biri (VII asr o‘rtalari) Kufiy yozuvi asosida paydo bo‘lgan Kufiy murabba xatida yozilgan. Bosib olingan mamlakatlardagi devonlarni (islom jamiyatlarida davlat ro‘yxati) arablashtirish va tizimlashtirishdan oldin arablar bo‘ysundirilgan hududlar musulmonlari uchun oson o‘qiladigan va tushunarli bo‘ladigan yozuvni tanlash ustida uzoq bosh qotirganlar. Natijada, Arab xalifaligining boshqa shaharlarida mavjud bo‘lgan shriftlardan nafisligi jihatidan ustun bo‘lgan aniq va qat’iy kufiy yozuvi tanlandi. Shunday qilib, kufiy yozuvi yirik davlatning barcha hududlarida tarqaldi. Yozuvning bu turi diakritik belgilar (unlilarni ifoda qilish uchun harflarning ost-ustiga qo‘yiladigan harakatlardan foydalaniladi) ning yo‘qligi, uslubining soddaligi va qat’iyligi, shuningdek, geometrik mutanosibligi bilan ajralib turadi.
Kufiy uslubi asosida uning ko‘plab turlari paydo bo‘lgan, ularning har biri o‘ziga xos xususiyatlarga ega va turli kontekstlarda qo‘llaniladi. Kufi murabba, yoki to‘rtburchak kufiy o‘zining geometrik qat’iyligi va simmetriyasi bilan ajralib turadi, me’morchilik va bezak san’atida ko‘p qo‘llaniladi.
Oltinrang fon ustiga ko‘k rangda bitilgan Oyat al-Kursiy Baqara surasining 255-oyatidir. Baqara surasining fazilati shuki, uning ichida Oyat al- Kursiy bor.
Oyat al-Kursiy Qur’oni karimdagi eng ulug‘ oyat ekanligi ta’kidlangan. Chunki, bu oyat Alloh taoloning go‘zal ismlari, oliy sifatlari zikri kelgan eng ulug‘ va sharafli so‘zlardan tarkib topgandir. Unda Alloh taoloning Vahdoniyat, Ilm, Molik, Qudrat va Iroda kabi ism sifatlari zikri kelgan. Hatto, ba’zi mufassirlar bu oyatda Alloh taoloning o‘n yettita eng ulug‘ ismlari jamlangan, deganlar.
Ritmik kompozitsiya tillarang oxra fonida ko‘k tush bilan ishlangan va masjid shaklidagi jigarrang hoshiyaga joylangan. Shriftning pastki qismi oltinrang tagzaminda jigarrang tush bilan ishlangan, harflarning xarakatlari esa ko‘k rangda berilgan. Muallif tomonidan tanlangan ko‘k, oltin va jigarranglarning mutanosibligi yorqinlik effektini yaratib, asardan yon-atrofga “nur” taralayotgandek kayfiyatini beradi.
Kompozitsiyaning pastki o‘ng qismida muallif imzosi “Ulug‘bek” arabcha harf bilan yozilgan.
КК-1038