Без рубрики

MAKTABDAGI KO‘RINISH

 “MAKTABDAGI KORINISH”. 

ХVI asr. Buxoro maktabi. 

Badriddin Hiloliyning “Shoh va Darvesh” asariga ishlangan miniatyura.

Ushbu asar Turkiyaning Turk va Islom asarlari muzeyida saqlanuvchi qo‘lyozmadan olingan miniatyuraning faksimil nusxasi hisoblanadi.

Asl kelib chiqishi turkiy bo‘lgan fors shoiri Badriddin Hiloliy (1470-1529) Alisher Navoiy rahnamoligida ta’lim olgan. Uning “Shoh va Darvesh” nomli tasavvufiy dostoni hukmronlik, ma’naviyat va inson tabiati mavzularini Shoh hamda Darvesh o‘rtasidagi munosabat orqali yoritib beradi. Hiloliy bu asarni o‘z zamondoshi Abdulloh Xotifiyning muallif masnaviy janrida yozishni bilmasligi, faqat g‘azal yaratish bilangina shuhrat qozongan, degan tanqidiga javoban yaratgan.

Asarda ikki qahramondan birining ikkinchisiga nisbatan bo‘lgan majoziy muhabbati – umidsiz oshiq Darveshning his-tuyg‘ulari tasvirlanadi, uning oliy orzusi shoh bilan uchrashishdir. Qoidaga ko‘ra, tasavvufiy adabiyotda Allohga bo‘lgan muhabbat shohning allegorik obrazi orqali ifodalanadi, shuning uchun Hiloliy o‘zining bosh qahramoni – hukmdorni yorqin epitetlar bilan taqdirlaydi. Darvesh shahzodaning yuzida Allohning nurini ko‘radi va u haqida go‘zal ta’riflar keltiradi. Hukmdor obrazi bir vosita sifatida hizmat qilib, u orqali Hiloliy darveshning Allohga nisbatan cheksiz muhabbatini aks ettiradi.

Badriddin Hiloliyning “Shoh va Darvesh” asaridagi maktab sahnasida muallif shahzodaga darvesh – muallim orqali dunyoviy boyliklarga mukkasidan ketmaslikni, ma’naviy jihatdan boyishni o‘rgatadi.

Sahifalarning chap tomonida tasvirlangan miniatyurada maktab sahnasida sakkiz nafar figura ko‘rsatilgan.

Kompozitsiya markazida oq sallali egniga yashil kiyim ustidan jigarrang kamzul (kaba) kiygan oq soqolli muallim – darvesh tasvirlangan. Ustozning yuz ifodasi orqali uning shogirdlariga nisbatan qattiqqo‘l va talabchan ekanligi seziladi, buni yonida o‘tirgan shogirdini urmoqchi bo‘lib, tayoq ushlagan chap qo‘lini ko‘targan holati orqali ko‘rish mumkin.

Ustoz oldida kaft ustlari yopiq holatda och jigarrang libosda qo‘rquv ichida o‘tirgan shogird tasvirlangan. Qo‘rquvdan o‘quvchi kiyim yenglarini kaft ustiga tushirib olib, o‘zini ham kaltak zarbidan himoya qilmoqchi bo‘layotgandek ko‘rinadi.

Ustozdan pastroqda to‘q ko‘k rangdagi gilamcha ustida o‘tirgan qo‘lida qog‘oz va lavh ushlab turgan yigit shahzodadir. Chaproqda olovrang libosdagi personaj yashil kiyimdagi bolaga tanbeh berayotgandek qulog‘idan cho‘zmoqda.

Pastroqda egnida ko‘k libosli yigitning qog‘ozni muhrlayotgani tasviri mavjud. Pastdan chap burchakda jigarrang kiyimdagi o‘rta yoshdagi kishi jarayonni kuzatmoqda. Chapda eshik ortida bir bola maktabdagi bo‘layotgan jarayonni kuzatayotgani tasvirlangan.

Binoning interyer qismi markazida gullagan boqqa qaragan eshik tirqishi tasvirlangan. Uning tepasida an’anaviy me’morchilikda qo‘llanilgan naqshinkor yog‘och panjara ko‘rinadi, u orqali binolarga quyosh nuri kirib borgan. Eshikning har ikki tomonida to‘q ko‘k fonda takrorlanuvchi havorang “girix” naqshli sirlangan koshinlardan iborat ikkita mayolika tasviri bor. Mehrob devorining ichki qismi “islimiy” uslubdagi naqsh bilan bezatilgan.

Tasvirning chap va tepa qismlarida matn mavjud.

КК-619