KAMOLIDDIN BEHZODNING “SULTON XUSAYN MIRZO SAROYIDAGI ZIYOFAT”
KAMOLIDDIN BEHZODNING
“SULTON XUSAYN MIRZO SAROYIDAGI ZIYOFAT”
miniatyurasidan nusxa (fragment). 2006-yil.
Musavvir: Niyozali Xolmatov (1947-2020)
O‘zbekiston xalq ustasi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademigi Niyozali Xolmatov zamonaviy miniatyura san’ati rivojiga ulkan hissa qo‘shdi. Zamonaviy lokli miniatyura san’atida qadimgi musavvirlarning rassomlik an’analari davomchilaridan biri bo‘lgan. Rassomning nafis ishlangan lok buyumlari yuqori professionalligi bilan ajralib turadi.
Niyozali Xolmatovning ko‘p qirrali iste’dodi nafaqat lokli miniatyura san’atida, balki dastgohli rangtasvirning moybo‘yoq va tempera texnikalari, kitob illyustratsiyasi, emal va zargarlik san’atida ham namoyon bo‘lgan.
Ustaning barcha asarlari muallifning o‘ziga xos individualligi bilan uyg‘unlashgan bo‘lib, uni boshqa rassomlarning asarlari bilan almashtirib bo‘lmaydi – mumtoz jihatdan jiddiy kompozitsiya, ifoda vositalaridan ixcham va nozik foydalanish va yuqori texnik mahorat egasi.
Ushbu asar Kamoliddin Behzodning 1488 yil Hirotda Sa’diyning “Bo‘ston” dostoniga ishlangan “Sulton Xusayn Mirzo saroyidagi ziyofat” nomli asaridan nusxa hisoblanadi. Sa’diyning “Bo‘ston” qo‘lyozmasi sulton Husayn Mirzo Boyqaro uchun kitobxonaning eng yaxshi kitobat ustalari tomonidan yaratilgan. Asar xattoti Sulton Ali Mashhadiy.
Nusxa Niyozali Xolmatov tomonidan to‘liqligicha ko‘chirilmagan, chap tomon sahifasi o‘ng va pastki qismlari ko‘rsatilmagan. Asarning asl nusxasi diptix bo‘lib, Kamoliddin Behzod tomonidan dastxat qo‘yilgan miniatyuralardan biri hisoblanadi. Mazkur qo‘sh miniatyura shohlar, sultonlar va eng oliy darajadagi a’yonlarning hayoti va o‘yin-kulgilarining turli qirralari aks etgan saroy janrida yaratilgan. Saroylardagi ziyofatlarni maddohlik uslubida tasvirlaydigan o‘zidan avvalgi rassomlardan farqli o‘laroq, Behzod Sulton Husayn saroyida kechgan shoh hayotining xarakterli tafsilotlarini ikir-chikirigacha tavsiflab, qahramonlarning xatti-harakatlarini, atrof-muhitni diqqat bilan qalamga tushirgan holda haqiqiy turmush manzaralari aks ettirilgan asarlarni yaratadi.
Niyozali Xolmatov nusxa uchun Behzod diptixining chap qismini tanladi, unda olti nafar erkak figurasi kichkina ayvonda tasvirlangan.
Kompozitsiyaning chap tomonida gilamchada o‘tirgan yigitning egnida ko‘k libos va so‘fiylik tariqatiga kirishning ramziy belgisi sifatida belidan o‘tkazilgan kamar futa ko‘rsatilgan. Yonida chinniqop – chinni idish uchun g‘ilof, pastroqda uch dona ko‘za turibdi.
Kompozitsiya pastki qismining markazidagi xizmatchi yashil-kulrang tusli kiyimda o‘ng oyog‘i bilan cho‘kkalagancha, chap oyog‘i ustidagi ko‘zani tutib turibdi. Uning tepasidagi sariq libosli yigit esa qora ko‘zadagi mayni naychali idish orqali uning ko‘zasiga quymoqda. Ularning yonidagi ikki yigit ham sharobni ko‘zadan shisha idishga quyish bilan ovora. Bu jarayon, balki, ilohiy sevgi, tasavvufiy bilimlar va “ruhiy tajriba”larning bir so‘fiydan boshqasiga uzatilishining ramziy belgisidir.
Tasavvufiy shoirlar va ustalarning ijodida tez-tez tilga olinadigan sharob ruhiy jazava va Xudoni anglashning timsolidir. Sharob sifati pishish va bijg‘ish jarayonida yaxshilangani kabi, so‘fiy ham Alloh bilan birlashish yo‘lida botiniy o‘zgarish orqali o‘zini o‘zi takomillashtirish bosqichlaridan o‘tadi.
Qo‘lida ko‘k rangli ko‘zani tutgan yashil libosdagi yigit kompozitsiyaning chap tarafida gilamcha ustida o‘tirgan mehmonga qarab turibdi.
O‘ng taraf chekkada me’moriy binoning oz qismi ko‘rsatilgan. Orqa tomonda turli xil gullagan daraxtlar, gullar va qushlar bilan bog‘ tasvirlangan. Osmon tillarangda bo‘lib, bu kunduzni bildiradi.
Niyozali Xolmatovning ushbu asari Behzod miniatyurasining aniq nusxasi emas, chunki muallif original asarning iliq koloritini sovuq tuslarga o‘zgartiradi, Behzod qahramonlarining qiyofasiga o‘zgartirishlar kiritib, kompozitsiyaga o‘z uslubini kiritadi. N.Xolmatov foydalangan qo‘shimchalaridan yana bittasi – “abru-bahor” texnikasini qo‘llaganidir, bu esa miniatyuraga o‘zgacha ohang baxsh etgan. Shunday qilib, ustoz ijodkor N.Xolmatovning ishi mustaqil tugallangan asar bo‘lib, unda O‘rta asr Sharq miniatyura san’ati an’analariga ehtiyotkor munosabati va rassomning individual yondashuvi mujassamlangan.
КК-799