TABIB HUZURIDA
XV asr birinchi yarmi. Hirot maktabi.
Abulqosim Firdavsiyning “Shohnoma” asariga ishlangan miniatyura.
Ushbu asar Turkiyaning Turk va Islom asarlari muzeyida saqlanuvchi qo‘lyozmadan olingan miniatyuraning faksimil nusxasi hisoblanadi.
Fors adabiyotining nodir asarlaridan “Shohnoma” (“Shohlar kitobi”) XI asrning boshida fors shoiri Abulqosim Firdavsiy tomonidan yozilgan. 35 yil davomida (976-1011) yaratilgan doston deyarli oltmish ming baytdan iborat bo‘lib, uning hajmi “Iliada” va “Odisseya” birlashtirilganidan ikki barobar katta. Buxorolik shoir Daqiqi yosh vafot etib, asarini yakunlashga ulgurmagan va uning qalamiga mansub ming baytni Firdavsiy “Shohnoma”ga kiritgan. 50 ta bo‘limdan iborat “Shohnoma” shartli ravishda uch qismga bo‘linadi – mifologik, qahramonlik va tarixiy hamda Eronning qadimgi davrdan to VII asr islomning kirib kelishigacha bo‘lgan tarixini o‘z ichiga oladi. Arab tili ilm-fan va adabiyotning asosiy tili bo‘lgan davrda, Firdavsiy asarini butunlay fors tilida yozib, ushbu tilning rivoji va dunyoda keng tarqalishiga o‘z hissasini qo‘shdi.
“Shohnoma” syujetiga ko‘ra, Hind hukmdorlaridan biri Kaydning tushida unga Iskandar Maqduniy qo‘shinlari hujum qiladi. Muammoga yo‘l qo‘ymaslik uchun, bashoratchining maslahati bilan Kayd Iskandarga in’om sifatida to‘rtta xazina yuboradi: o‘zining go‘zal qizi, faylasuf, mashhur tabib va sehrli jom.
“Iskandarning Hindiston tabibini sinagani” syujetiga bag‘ishlangan miniatyura o‘ng sahifaning pastki qismi – matn tagida joylashgan.
“Shohnoma” dostoniga ko‘ra, Iskandar Hind shohi Kayd tomonidan to‘rtta xazinadan biri sifatida yuborilgan tabib bilan uchrashadi. Tabib kasalliklarni inson ko‘z yoshi orqali aniqlash qobiliyatiga ega edi. Bir kuni Iskandar xastalikka chalinadi, hind tabibi shohni giyohlar bilan davolaydi:
Shundan so‘ng o‘zini noxush sezdi shoh,
Hech kimni bu sirdan qilmadi ogoh.
Kunlardan bir kuni keldiyu tabib,
Bildi ko‘z yoshidan: shoh edi zaif.
Miniatyura voqealari adirda tasvirlangan.
Orqa tomon oxra rangli fonda oltin rangdagi ufq chizig‘i ko‘rinadi, bu kunning kunduzgi vaqtini ko‘rsatadi.
Miniatyurada 5 nafar erkak figurasi mavjud.
Kompozitsiyaning markazida Iskandar o‘tirgan holatda qo‘llarini orqasiga yashirgan va hukmdorning ko‘zidan yosh yig‘ayotgan tabib tasvirlangan.
Shoh och kulrang libosda, boshyalang holda bo‘lib, go‘yoki uning yuzida og‘riqni boshdan kechirayotgan insonning his-tuyg‘ularini ko‘rish mumkin.
Tabib och zumrad libosda, boshida oq salla bilan tasvirlangan. Chap qo‘lida igna ko‘rinishidagi buyum orqali idishchaga bemor ko‘z yoshini to‘plamoqda, o‘ng qo‘li bilan esa Iskandarning boshidan tutib turibdi.
Kompozitsiyaning o‘ng va chap tomonida saroy ayonlari tasvirlangan.
Miniatyuraning o‘ng tomonida ikki yigit qo‘llarini o‘z belbog‘laridan tutib, boshlarini biroz eggancha itoatkor holatda ko‘rsatilgan. Ulardan biri och alvon rangli libos va oq sallada, ikkinchisi kulrang libosda ko‘rsatilgan. Yigitlarning qora uchli etiklari liboslari tagidan ko‘rinib turibdi.
Chap tomonda jigarrang ustki kiyimda ko‘rsatilgan yigit chap qo‘lining ko‘rsatkich barmog‘ini labiga tekkizgancha hayratdan bo‘layotgan voqeani kuzatmoqda.
КК-632. INV-184