Без рубрики

SULAYMON VA BILQIS

SULAYMON VA BILQIS 

XVI asr. Kazvin maktabi.

Sa’diy Sheroziyning “Kulliyot”iga ishlangan miniatyura.

Ushbu asar Turkiyaning Turk va Islom asarlari muzeyida saqlanuvchi qo‘lyozmadan olingan miniatyuraning faksimil nusxasi hisoblanadi.

Payg‘ambar Sulaymon (a.s.)ga xizmat qiluvchi hudhud qushi Saba’ davlatiga tashrifi haqida gapirib berdi, u yerdagi xalqni Allohga emas, quyoshga e’tiqod qiluvchi, har narsasi to‘kis ayol kishi boshqaradi. Sulaymon hudhud orqali malikaga xat yuboradi va uni Allohga itoat qilishga buyuradi. Xatga javoban malika Bilqis o‘z a’yonlari bilan maslahatlashib, shohga sovg‘a-salomlar yuboradi. Sulaymon ularni rad etadi va elchilarni ikkinchi marotaba xabar bilan qaytarib yuborishni buyuradi. Unda payg‘ambar agar Saba’ shohligi itoatsizlik qilsa, urush bilan tahdid qiladi.

Bilqis ikkinchi xatni o‘qib chiqib, Sulaymonning o‘zi bilan uchrashishga boradi. Bu haqda bilgan Sulaymon olmosdan saroy qurishni va eng qisqa vaqt ichida malika Bilqis taxtini uning kelishidan oldin o‘z saltanatiga o‘tkazishni buyurаdi. Nihoyat, Bilqis o‘z a’yonlari qurshovida Sulaymonning saroyiga kelganida, uni o‘rab olgan ulug‘vorlik malikaning kutganlaridan ortiq edi. U o‘z taxtini ko‘rib, o‘zi uchun maxsus qurilgan saroyning billur polini “dengiz to‘lqini” bilan adashtirib yuboradi. Malika har bir ishda Alloh yordam bergan Sulaymonning qudratini tan oldi va Yaratganga ishondi.

Sahifaning o‘ng va chap tomonlarida yorqin ranglarda miniatyura ishlangan.

O‘ng tomonda asar markazida Payg’ambar Sulaymon qimmatbaho toshlar bilan ziynatlangan ulkan naqshinkor tillarang taxtda o‘tiribdi. Atrofida bir guruh kishilar, devlar, qushlar o‘rab olgan. Shoh boshi uzra zarhal alanga ko‘rinadi.

Taxtdan pastroqda va hovuz atrofida turli yovvoyi hayvonlar, hashoratlar tasvirlangan. Hovuzda o‘rdaklarning suzayotganini ko‘rish mumkin.

Asarning tepa qismida tillarang tog‘lar, Xitoy uslubidagi bulutlar, havorang osmon fonida turli-tuman qushlar orasida afsonaviy Qaqnus ko‘rsatilgan.

Chap tomondagi sahifa markazidagi hashamdor taxtda shohona libos kiygan malika Bilqis o‘tiribdi va unga farishta mulozimlardan biri lagandagi mevalarni uzatmoqda. Taxt atrofida farishtalar va ayollar guruh etib tasvirlangan.

Pastroqda musiqa asboblari chalayotgan sozandalar va raqsga tushayotgan farishtalar ko‘rsatilgan. Hovuz tasviri bor.

Taxtdan tepada kulrang tog‘lar, turli-tuman hayvonlar, havorang osmon fonida ikki farishta qo‘lida qushlarni tutib turgani, yana ikki farishta qo‘lida idish, boshqa farishtaning qo‘lida chaqaloq ko‘rsatilgan.

Miniatyuralar sariq, ko‘k, qizil rangda, “zarvaraq” uslubida “islimiy” naqshlar bilan hoshiyalangan.

КК-640. INV-192