Ko‘rgazmalar

Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura san’ati muzeyida “Sharq kitobat san’ati durdonalari” nomli ko’rgazma namoishi bo’lib o’tmoqda.

Muzey  2018-yil aprel oyida noyob, oʻzining rang-barangligi bilan bugungi kunda ham barchani hayratga solayotgan, dunyoning turli muzeylarida saqlanayotgan kitobat sanʼati durdonalarini oʻrganish, toʻplash va oʻzbekistonlik sanʼat ixlosmandlari eʼtiboriga havola etish maqsadida muzey xodimlaridan iborat ilmiy-ijodiy guruh Turkiyaning Istambul shahrida joylashgan Toʻpqopi saroyi muzeyi kutubxonasi hamda Turk va Islom asarlari muzeyi fondlarida saqlanayotgan qoʻlyozmalarni oʻrgandi. Tadqiqot natijasida 170 dan ortiq Sharq kitobat sanʼati namunalari oʻrganildi va ularning nusxasi Turkiya madaniyat va turizm vazirligi tomonidan Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura sanʼati muzeyiga bepul tarzda taqdim etildi.

Ko’rgazmada Toʻpqopi saroyi muzeyi kutubxonasi hamda Turk va Islom asarlari muzeyi fondlarida saqlanayotgan kitobot sanʼatining noyob durdonalarining faksimeli nusxalari namoyish etilmoqda. Koʻrgazmada ushbu nodir kolleksiyaning kichik bir qismi, jumladan, Kamoliddin Behzodning shogirdi Mahmud Muzahhib asarlari, Hofiz Abru, Firdavsiy, Nizomiy, Saʼdiy, Jomiy asarlarining noyob qoʻlyozmalariga ishlangan miniatyuralar, kitobat sanʼatining durdonalari oʻrin olgan.