Ko‘rgazmalar

O‘zbekiston Badiiy akademiyasining Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura san’ati muzeyiga kollektsioner Faxriddin Abdujabborov tomonidan beg‘araz sovg‘a qilingan kollektsiyaning “Meros qadriyati” nomli ko’rgazmasi ochildi.

 

Vatandoshimiz Faxriddin Abdujabborov Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura san’ati muzeyi fondiga shaxsiy kolleksiyasining bir qismini, jami 197 dona ashyolar va kolleksiyalar sovg‘a qildi.

Kolleksiyadan XVIII, XIX hamda XX asrning birinchi yarmida Farg‘ona, Toshkent, Buxoro, Samarqand, Xorazm, Qо‘qon, Marg‘ilon, Shaxrisabz, Nurota hududlarida yaratilgan kandakorlik namunalari, sо‘zanalar, kiyimlar, lokli va teriga ishlangan miniatyura namunalari, shuningdek, Eron, Hindiston, Rossiya madaniyatiga oid ashyolar о‘rin olgan. Bundan tashqari qadimiy qо‘lyozma asarlar va miniatyura hamda amaliy san’at asarlariga oid kitoblar taqdim etilgan. Kolleksiyadagi barcha ashyolar noyob, chunki ular xalqimizning takrorlanmas merosi, nafis san’atlarning boy tarixidan sо‘zlaydi. Bundan tashqari ushbu kolleksiyada xalqimizning estetik didi, gо‘zallik tо‘g‘risidagi ideallari, xо‘jalik yuritishning о‘ziga xos jihatlari hamda maishiy turmushning ba’zi qirralari ham yaqqol kо‘zga tashlanadi.