«Kamoliddin Behzod izdoshlarimiz» Respublika ijodiy tanlovi ko‘rgazmasi
11 aprel kuni soat 12:00 da O‘zbekiston Badiiy Akademiyasi Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura san’ati muzeyida «KAMOLIDDIN BEHZOD IZDOShLARIMIZ» Respublika ijodiy tanlovi ko‘rgazmasining 2 bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu Respublika tanlovida Badiiy Akademiya tasarrufida faoliyat yuritayotgan Respublika ixtisoslashtirilgan san’at maktablar-internatining 5-9 sinf o‘quvchilari o‘rtasida “Tasviriy va amaliy san’at” yo‘nalishlari bo‘yicha o‘tkazilib, haqiqiy iqtidor egalari saralanib, g‘oliblar aniqlanadi.
Bu tanlovning o‘tkazilishidan maqsad – O‘zbekiston Badiiy Akademiyasi tasarrufidagi o‘quv maskanlarida tahsil olayotgan yoshlar orasidan haqiqiy iqtidorlarni aniqlash, yuzaga chiqarish, milliy san’atimizning kelajagini ta’minlovchi yosh iste’dod egalarini topish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish, kelgusida buyuk mahorat egalarini tarbiyalashdir.
Ko‘rgazmada o‘quvchilarning rangtasvir hamda amaliy san’at asarlari namoyishga qo‘yilgan.
Tanlov g‘oliblarini aniqlash uchun taniqli rassomlar, san’atshunoslar, badiiy ta’limning yetakchi pedagoglari va ijodkorlardan iborat maxsus komissiya ko‘rgazma davomida “Tasviriy san’at” va “Amaliy san’at” yo‘nalishlari bo‘yicha g‘oliblarni aniqlaydi. Taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tadi.
“Kamoliddin Behzod izdoshlarimiz” Respublika tanlovi ko‘rgazmasi ishtirokchilari kelajakda o‘zining nozik san’ati, ajoyib mahorati, takrorlanmas go‘zal ijodi bilan nafaqat Sharq xalqlari, balki butun jahon xalqlari madaniyatida unutilmas iz qoldirgan, ulkan iste’dod egasi, zabardast san’atkor Kamoliddin Behzod kabi ulkan ijodiy yutuqlarga erishib, O‘zbekiston tasviriy san’atini dunyoga tanitadigan yangi avlod bo‘lib yetishishlariga umid qilamiz.
Ko‘rgazmada 300 dan ortiq ijodiy asarlar namoyish etilmoqda.
Ko‘rgazma 20 aprelga qadar davom etadi.
Ma’lumot uchun telefon: 256-28-32