Yangiliklar

Komil Omonovning “EHTIROM” nomli shaxsiy ko‘rgazmasi

6 fevral kuni muzeyda rassom Komil Omonovning Alisher Navoiy tavalludining 577 yilligi, Kamoliddin Behzod tavalludining 563 yilligi, Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 535 yilligiga bag‘ishlangan “EHTIROM” nomli shaxsiy ko‘rgazmasi ochildi.
Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur ijodini chuqur o‘rganishga, Kamoliddin Behzod an’analarini davom ettirib, o‘z uslubini yaratishga intilayotgan, iqtidorli rassom Komil Omonov yoshlik chog‘laridan boshlab rangtasvir san’atiga kuchli mehr qo‘ydi. 1992-2001-yillarda Respublika tasviriy va amaliy san’at litseyida tahsil oldi. 2001-2004 yillarda Respublika Rassomlik kollejida o‘qish bilan birga, miniatyurachi rassom Kamoliddin Mirzayevga shogird bo‘lib tushdi. 2004-2008 yillarda Nizomiy nomidagi Davlat pedagogika universitetida badiiy grafika yo‘nalishida tahsil oldi. Shu yillar mobaynida Komil Omonov nozik did, matonat talab etuvchi nafis san’at – miniatyuraga mehr qo‘yib, tinmay o‘z ustida ishladi, o‘z uslubini yaratish, o‘zligini topish yo‘lida izlandi. Uning asarlari turli mavzularda bo‘lib, syujetlarni nozik uslubda ifodalaydi, u asar mazmunini ifoda etishning mos shaklini topib, uning g‘oyasini ko‘rsatib berishga harakat qiladi.


Rassom “Navqiron O‘zbekiston”, “Tashabbus” Respublika ko‘rik-tanlovida, “Jazoir miniatyura va naqsh festivali”da (2013), “International Folk Art Market” (AQSh, 2016), mazkur muzeyda tashkil etilgan “Tasvirlarda moziy nafasi” (2016) nomli ko‘rgazmalarda faol qatnashgan. Shuningdek, “Ming bir kecha” (2008) nomli kitobga 50 dan ortiq kompozitsiyalar ishlagan. “Zamonaviy O‘zbekiston miniatyura san’ati” (2013) albom-katalogiga uning asarlaridan namunalar kiritilgan.


Ijodkorning ilk shaxsiy ko‘rgazmasidan joy olgan “Husayn Alisher bilan shatranj o‘ynamoqda”, “Buyuk Ipak yo‘li”, “Donishmand bola”, “Jangchilar”, “Otlar jangi”, “Shahzodaning o‘ylari”, “Koinotga muhabbat” kabi asarlari o‘zining badiiyligi, chuqur falsafiy mazmunga boyligi va nozik uslubda ishlanganligi bilan san’at ixlosmandlarida katta taassurot qoldirmoqda. Ko‘rgazmada ijodkorning 30 dan ortiq miniatyura asarlari namoyish etilmoqda.
Ko‘rgazma 26 fevralga qadar davom etadi.
Ma’lumot uchun telefon: 256-28-32