«Eski shahar» guruhining “Eski shaharga sayohat” nomli ko‘rgazmasining ochilishi bo‘lib o‘tdi.
22 dekabr kuni soat 16:00da Kamoliddin behzod nomidagi Sharq miniatyura sana’ti muzeyida «Eski shahar» guruhining “Eski shaharga sayohat” nomli ko‘rgazmasining ochilishi bo‘lib o‘tdi.
«Eski shahar» guruhi 2013 yilda tashkil topgan bo‘lib, u rassomlar – Mamedova Dilorom, Karimov Abduhakim, Yuldashev Dilmurod kabi zabardast ijodkorlardan iborat. Guruh vakillarinning har biri turli yo‘nalishda o‘ziga xos ijod qiladilar.
Guruh vakillaridan biri Mamedova Dilorom asarlarida asosan go‘zal yurtimizining manzarasini, tarixiy va me’morchilik yodgorliklarini tasvirlaydi. Ilhom manbaini Eski shahar qismida joylashgan maxallalarining jin ko‘chalaridan, eski paxsa-somon uylaridan oladi: Xasti Imom, Chig‘atoy, Ismoil Shoshiy, O‘qchi, Sag‘bon mahallalarini kezib, ularni o‘rganib chiqib, etyudlar yaratadi. Ijodkorning har bir asarida barchamizga yoshligimizdan tanish va qadrdon bo‘lgan rayhonlar hidi ufurib turgan ayvonlar, issiq shirmoy patirlar pishayotgan tandirlar, pastakkina somon uylarini yorqin ranglarda tasvirlaydi.
Guruhning yana bir a’zosi tinmay ilmiy va ijodiy izlanayotgan rassom Abduhakim Karimov asarlarida asosan Alisher Navoiy, Umar Xayyom, Pahlavon Maxmud, Firdavsiy, Mashrab, Lutfiy, Furqat kabi sharq mumtoz she’riyati namoyandalari asarlari va ijodiga murojaat qilib, Sharq mumtoz musiqalaridan ilhomlanib, do‘stlik, insoniylik, mehr-muhabbat, vafo, visol mavzulari mazmuni, mohiyatini keng ochib beruvchi miniatyura va rangtasvirni o‘zaro uyg‘unlashgan ko‘rinishida san’at asarlari yaratib kelmoqda.
Akademik realizm yo‘nalishida ijod qiladigan iste’dodli rassom Yuldashev Dilmurod mo‘yqalamda yurtimiz jamolini tasvirlaydi. Rassom o‘z asarlarida Ona tabitimizning jozibasini madh etib, takrorlanmas manzarasini aks ettirgan.
Ushbu ko‘rgazma yil davomida guruh a’zolari tomonidan amalga oshirilgan tadbirlar va ko‘rgazmalar bilan bog‘liq faoliyatining yil sarhisobidir.
Yil davomida guruh o‘ta izchil va g‘ayrat bilan bir qator tadbirlarda ishtirok etdilar. Shular jumlasidan, 2017 yil kuzda Rossiya davlatidagi Chelyabinsk shahrida “Uch nigoh” nomli ko‘rgazma namoyish etildi. Yashnobod, Chinoz, Bo‘ka tumanlarida faoliyat yuritayotgan san’at maktablarida ko‘rgazma va mahorat darslari o‘tkazildi. Bir qator chet davlatlarida ko‘rgazmalarda ishtirok etib, tashakkurnomalar, diplom va sertifikatlar bilan taqdirlanishgan. Xitoyda o‘tkazilgan “O‘zbekiston san’ati kunlari” tadbiri doirasida Nankin, Yo‘ltaya Marya, Dalyan shaharlarida ko‘rgazmalari bilan qatnashganlar. «Eski shahar» guruhi Xitoyda bo‘lib o‘tgan Xalqaro ko‘rgazmada sakkizta davlat ichidan faxrli III o‘rinni qo‘lga kiritdilar.
O‘zbekiston hukumati tomonidan betakror asarlari uchun «Eski shahar» guruhi a’zosi – Mamedova Dilorom 2017 yilda “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.
Xorijiy davlatlarda ko‘rgazmalar bilan tashrif buyurishganda, ularning asarlariga o‘zgacha mehr ila boqishadi, tomoshabinlarga go‘yoki O‘zbekiston Quyoshini olib kelganday taassurot qoldiradi, ijodkorlar yaratgan asarlarida xalqimizning mehrga to‘la yuragi va ruhiyati sezilib turadi.
Ko‘rgazmada 70 dan ortiq ijodiy asarlar namoyish etilmoqda.
Ko‘rgazma 22 dekabrdan 15 yanvarga qadar davom etadi.
Ma’lumot uchun telefon:256-28-32