«Kamoliddin Behzod izdoshlari» Respublika ijodiy tanlovi
9 Dekabr kuni 12:00 da Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura san’ati muzeyida «KAMOLIDDIN BEHZOD IZDOShLARI» Respublika ijodiy tanlovi ko‘rgazmasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Respublika tanlovi birinchi marta 2017 yilning aprel oyida “Tasviriy va amaliy san’at festivali” doirasida bo‘lib o‘tgan edi, unda O‘zbekiston Badiiy Akademiyasi tasarrufidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan ixtisoslashtirilan san’at maktab-internatlari o‘quvchilari o‘rtasida “Tasviriy san’at” yo‘nalishi bo‘yicha o‘z ijodiy asarlari bilan qatnashib, ishtirokchilar orasidan g‘oliblar aniqlangan edi.
Navbatdagi Respublika tanlovida Badiiy Akademiya tasarrufida faoliyat yuritayotgan P.Benkov nomidagi Respublika rassomlik kolleji, A.Xodjayev nomidagi Respublika dizayn kolleji, Qo‘qon tasviriy va amaliy san’at kolleji o‘quvchilari o‘rtasida “Tasviriy va amaliy san’at” yo‘nalishlari bo‘yicha iqtidor egalari saralanib, g‘oliblar aniqlanadi.
Ushbu tanlovning o‘tkazilishidan maqsad – O‘zbekiston Badiiy Akademiyasi tasarrufidagi o‘quv maskanlarida tahsil olayotgan yoshlar orasidan haqiqiy iqtidorlarni aniqlash, yuzaga chiqarish, milliy san’atimizning kelajagini ta’minlovchi yosh iste’dod egalarini topish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish, kelgusida buyuk mahorat egalarini tarbiyalashdir.
Tanlov g‘oliblarini aniqlash uchun taniqli rassomlar, san’atshunoslar, badiiy ta’limning yetakchi pedagoglari va ijodkorlardan iborat maxsus komissiya ko‘rgazma davomida “Tasviriy san’at” va “Amaliy san’at” yo‘nalishlari bo‘yicha g‘oliblarni aniqlaydi. Taqdirlash marosimi 20 dekabrga belgilangan.
Ko‘rgazmada 100 dan ortiq ijodiy asarlar namoyish etilmoqda.
Ko‘rgazma 9 dekabrdan 20 dekabrga qadar davom etadi.