Abduhakim Karimov va Nozima Qayumiylarning «Mo‘yqalamda yurtim jamoli» nomli ko‘rgazmasi ochilishi
5 sentyabr kuni Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura san’ati muzeyida Abduhakim Karimov va Nozima Qayumiy larning «Mo‘yqalamda yurtim jamoli» nomli ko‘rgazmasi ochilishi bo‘lib o‘tdi.
O‘z yo‘nalishini topish uchun tinmay ilmiy va ijodiy izlanayotgan rassom Abduhakim Karimov asarlarida asosan Alisher Navoiy, Umar Xayyom, Pahlavon Mahmud, Firdavsiy, Mashrab, Lutfiy, Furqat kabi sharq mumtoz she’riyati namoyandalari asarlari va ijodiga murojaat qilib, Sharq mumtoz musiqalaridan ilhomlanib, do‘stlik, insoniylik, mehr-muhabbat, vafo, visol mavzulari mazmuni, mohiyatini keng ochib beruvchi miniatyura va rangtasvirni o‘zaro uyg‘unlashgan ko‘rinishida san’at asarlari yaratib kelmoqda. Keyingi yillarda ona vatanimizning go‘zal tabiatidan ilhomlanib turkum rangtasvir asarlarini yaratmoqda.
Oiladagi ijodiy muhit farzandi Nozimani ham san’at olamiga olib kirdi. Nozima professional yosh ijodkor sifatida hozirgi kunda dastgohli kitob grafikasi va miniatyura yo‘nalishlarida ijod qilib kelmoqda. Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi, yosh va kelajagi porloq ijodkorlaridan hisoblanadi. Ko‘plab ko‘rgazma, san’at festivallarda o‘z asarlari bilan faol ishtirok etadi.
Ijodga bo‘lgan mehr oilaning yana bir a’zosi bo‘lmish Muhiddinni ham chetlab o‘tmadi. O‘z ustida tinmay ishlab, ijodiy izlanishda bo‘lib, mukamallikka intilib kelmoqda. Hunarmandlik yo‘nalishi bo‘yicha turli ko‘rik tanlovlarda faol ishtirok etib sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritib kelmoqda.
Ko‘rgazmada A.Karimovning «Ona tabiat», «Vatanga yo‘l», «Layli va Majnun», «Me’roj», Nozima Qayumiyning «Baxtning turfa ranglari», «Shayx San’on», «Rang olishuvi» asarlari, Qayumiy Muhiddinning otasi A.Karimov bilan birgalikda ishlagan «Amir Temur», «Karvon», «Musiqiy parvoz» yog‘och o‘ymakorligi laganlari o‘zining betakror va falsafiy ma’noga ega ekanligi bilan e’tiborni jalb qiladi. O‘z o‘rnida, ushbu asarlarda ifodalangan mavzular va qahramonlar yurtdoshlarimizda milliy urf-odatlar, qadriyatlar va an’analarimizni e’zozlash, Vatanga bo‘lgan muhabbat kabi tuyg‘ularni yuksaltirishda hissa qo‘shadi.
Ko‘rgazmada ijodkorlarning 60 dan ortiq ijodiy ishlari havola etiladi.
Ko‘rgazma 5 sentyabrdan 20 sentyabrga qadar davom etadi.