Yangiliklar

Muzeyda mahorat darsi

Joriy yilning 7-8 sentabr kunlari Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura san’ati muzeyida  miniatyura, xattotlik  va qo‘lda qog‘oz tayyorlash san’ati yo‘nalishishlarida mahorat darslar tashkil etildi.

Qo‘lda qog‘oz tayyorlashni muzeyning miniatyura bo‘limi boshlig‘i Saida Jalilova namoyish qildi.

Jahonning ko‘plab davlatlarida qadimdan qog‘oz tayyorlash texnologiyasi bo‘lgan. Misrda papirusdan tayyorlangan qog‘ozlar, sharqda xitoy va yapon qog‘ozlari bunga misol bo‘la oladi. Samarqand ipak qog‘ozi esa o‘zining umrboqiyligi, silliqligi, har ikki tomoniga ham yozish mumkin bo‘lganligi, suvda ivimasligi va ayniqsa o‘ziga xos shaqirlashi bilan shuhrat qozongan. Ta’kidlash joizki, Samarqand qog‘ozi mutlaqo chiqitsiz texnologiya hisoblanadi. Tutning po‘stloqdan ajratilgan novdalari miniatyuralar uchun ramkalar, turli panjaralar yasash uchun ishlatiladi. Qattiq qobiqdan karton ishlab chiqariladi.

Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura san’ati muzeyi xodimi Bahtiyor Dedashev xatottlik san’ati bo‘yicha mahorat darslarini mohirona tarzda ko‘rsatib berdi.

Xattotlik (arab. – husnixat yozuvchi), kalligrafiya – yozuv (xat) san’ati, kitob ko‘chirish hamda me’moriy inshootlarni yaratish kasbi. Xattotlik san‘ati yozuvning paydo bo‘lishi natijasida yuzaga keldi. Ayniqsa, arab yozuvining keng tarqalishi tufayli xatottlik san’ati rivojlanishi jadallashdi. Sharqda, jumladan, O‘rta Osiyoda kitob bosish vujudga kelguniga qadar qo‘lyozma kitob tayyorlash, ularning nusxalarini ko‘paytirish (matn ko‘chirish) bilan xattotlar shug‘ullangan.

Tashkil etilgan mahorat darslariga  Kamoliddin Behzod nomidagi milliy rassomlik va dizayn instituti, Pavel Benkov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan rassomlik maktabi, Pespublika ixtisoslashtirilgan dizayn maktabi va Pespublika ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internatidan 110 nafarga yaqin o‘quvchi va talabalar tashrif buyurdi.