SIYOVUSHNING SINOVDAN O‘TISHI
“SIYOVUSHNING SINOVDAN O‘TISHI”
XVI asr. Mashhad maktabi.
Abulqosim Firdavsiyning “Shohnoma” asariga ishlangan miniatyura.
Ushbu asar Turkiyaning Turk va Islom asarlari muzeyida saqlanuvchi qo‘lyozmadan olingan miniatyuraning faksimil nusxasi hisoblanadi.
Fors adabiyotining nodir asarlaridan “Shohnoma” (“Shohlar kitobi”) XI asrning boshida fors shoiri Abulqosim Firdavsiy tomonidan yozilgan. 35 yil davomida (976-1011) yaratilgan doston deyarli oltmish ming baytdan iborat bo‘lib, uning hajmi “Iliada” va “Odisseya” birlashtirilganidan ikki barobar katta. Buxorolik shoir Daqiqi yosh vafot etib, asarini yakunlashga ulgurmagan va uning qalamiga mansub ming baytni Firdavsiy “Shohnoma”ga kiritgan. 50 ta bo’limdan iborat “Shohnoma” shartli ravishda uch qismga bo‘linadi – mifologik, qahramonlik va tarixiy hamda Eronning qadimgi davrdan to VII asr islomning kirib kelishigacha bo‘lgan tarixini o‘z ichiga oladi. Arab tili ilm-fan va adabiyotning asosiy tili bo‘lgan davrda, Firdavsiy asarini butunlay fors tilida yozib, ushbu tilning rivoji va dunyoda keng tarqalishiga o‘z hissasini qo‘shdi.
Siyovushning olovda sinalishi, o‘gay onasi tomonidan tuhmatga qolgan o‘smirning olov tillari orasidan qora otda chopayotgani tasvirlangan sahnasi.
Siyovush “Shohnoma”ning bosh qahramonlaridan biri bo‘lib, dostonda eng katta o‘rinni “Siyovush” afsonasi egallaydi.
Miniatyurada shahzoda Siyovush oppoq ust kiyim va oq sallada qora otda oltin olov alangasi ichra o‘tib bormoqda. O‘ng qo‘lida oq tutqichli qamchi bilan go‘yoki otni shoshirayotgandek tasavvur uyg‘otadi. Oq rang ramziy poklikni bildiradi, rassom Siyovushning begunohligini kuchaytirish uchun qahramonni oppoq rangda tasvirlaydi.
“Avesto”da qahramon ismi Siavarshan “qora ot” ma’nosini bildiradi, shu bois shahzodaning uchqur oti tim qora rangda berilgan. Qora rangdan ayrim asarlarda yovuzlik maqsadida foydalanilgan bo‘lsa, mazkur miniatyurada g‘alaba, zafar qozonish kabi ma’nolarni, shuningdek, Siyovushga qilingan tuhmatni ham anglatadi.
Kompozitsiyaning yuqori o‘ng qismida jigarrang ot ustida shoh Kovus tasvirlangan.
Kompozitsiyaning chap tomonidagi saroy ichida Siyovushning o‘gay onasi malika Sudoba kanizaklari bilan o‘tiribdi.
Miniatyura ko‘p figurali bo‘lib, voqeani kuzatayotgan bir guruh odamlar ko‘rsatilgan. Ularning ba’zilari bino tashqarisida, ba’zilari – ayollar, bino ichkarisida va boshqalari tepalik ortidan kuzatmoqdalar.
Tepalik tizmasi ortidan yorqin moviy osmon, suzayotgan oq bulutlar va yashil rangdagi daraxt ko‘rinib turibdi.
Tasviriy san’at tamoyillaridan hisoblangan kontrast, issiq va sovuq ranglarning bir-biriga o‘zaro munosabati ham aniq o‘z o‘rnini topgan. Olov issiq va to‘q rangda bo‘lganligi sababli fon, ya’ni tagzamin sovuq, och ko‘k rangda berilgan.
КК-671