Без рубрики

RUSTAMNING TUG‘ILISHI

RUSTAMNING TUGILISHI
XV asr birinchi yarmi. Hirot maktabi.

Abulqosim Firdavsiyning “Shohnoma” asariga ishlangan miniatyura.

Ushbu asar Turkiyaning Turk va Islom asarlari muzeyida saqlanuvchi qo‘lyozmadan olingan miniatyuraning faksimil nusxasi hisoblanadi.

Fors adabiyotining nodir asarlaridan “Shohnoma” (“Shohlar kitobi”) XI asrning boshida fors shoiri Abulqosim Firdavsiy tomonidan yozilgan. 35 yil davomida (976-1011) yaratilgan doston deyarli oltmish ming baytdan iborat bo‘lib, uning hajmi “Iliada” va “Odisseya” birlashtirilganidan ikki baravar katta. Buxorolik shoir Daqiqi yosh vafot etib, asarini yakunlashga ulgurmagan va uning qalamiga mansub ming baytni Firdavsiy “Shohnoma”ga kiritgan. 50 ta bo’limdan iborat “Shohnoma” shartli ravishda uch qismga bo‘linadi – mifologik, qahramonlik va tarixiy hamda Eronning qadimgi davrdan to VII asr islomning kirib kelishigacha bo‘lgan tarixini o‘z ichiga oladi. Arab tili ilm-fan va adabiyotning asosiy tili bo‘lgan davrda, Firdavsiy asarini butunlay fors tilida yozib, ushbu tilning rivoji va dunyoda keng tarqalishiga o‘z hissasini qo‘shdi.

Seyistonlik bahodir Rustami Doston “Shohnoma”ning bosh qahramonlaridan hisoblanadi. Shoh Kaykovus huzuriga harbiy xizmatga chaqirilgan bo‘lib, o‘z vatani va shohiga cheksiz sadoqati bilan ajralib turadi.

Firdavsiy Rustam obrazini yorqin bo‘yoqlarda tasvirlaydi, uni yirik planda ko‘rsatadi. Ushbu qahramonning yengilmas va mag‘rur tabiatli bahodir ekanligini uning tug‘ilishidayoq “fil tanli go‘dak” deb berilgan ta’rifdan anglash mumkin:

Bu kumush tanali mohiliqodan

Bir o‘g‘il tug‘ilgay sher yurak, filtan.

Asar syujetiga ko‘ra, chaqaloqning onasi Rudoba bunday katta bolani o‘zi dunyoga keltira olmasdi va uning turmush o‘rtog‘i Zol sehrli qush Semurg‘ni yordamga chaqiradi. Semurg‘ tabibni chaqirishni buyuradi va Rudobaning qornini kesishdan oldin pichoqni olovda toblab olish kerakligini aytadi. Bolani biqin qismidan olgandan so’ng, qushning pati bilan kesilgan joyini silashni, shunda o’sha joyda yara qolmasligini bildirib, patlarini Zolga beradi. Shundan so’ng tabib Rudobaning qornini qizdirilgan xanjar bilan kesib, bolani ona qornidan oladi.

Miniatyura markazida oq salla kiygan tabib Rudoba biqinidan katta bolani olayotgani ko‘rsatilgan. Rudobaning yuzidan uning qiynoqlarini anglash mumkin – og‘riqning azobidan qoshlari chimirilib, qo‘llarini ikki tarafga keng yoygancha holsizlanmoqda. Qo‘llarini keng yoyib ko‘rsatilgani ham bu sahnaning ishonarli chiqqanidan dalolat beradi.

Kompozitsiyaning o‘ng tepa qismida Rudobaning ahvolidan xavotirlanayotgan Zol ko‘k kiyimda va oq sochlari ustidan toj kiyib o‘tirgan holatda tasvirlangan.

Miniatyuraning chap qismida malikaning biqinidan jarrohlik yo‘li bilan chaqaloqni olayotgan tabib o‘tiribdi.

Rudobaning boshi tepasida ko‘zi yoriyotgan ayolning yelkasidan tirab turgan onasi tasvirlangan.

O‘ng tomon pastda manqaldon ichida olov yonib turibdi. Shuningdek, miniatyuraning pastki qismida Semurg‘ qushining sehrli pati ko‘rsatilgan. Tabib yonida xanjar va tepa chap burchakda kichik kursi ustida idishlar tasvirlangan.

Kompozitsiya yashil fonda bo‘lib, tepasida ko‘k rangda takrorlanuvchi bulutlar tasviri ishlangan.

Chap tomondagi sahifaning yarmi matn va tepa qismi illyustratsiyadan iborat.

 

КК-623. INV175