IBODATXONADAGI MAROSIM
“IBODATXONADAGI MAROSIM”
XVI asr. Hirot maktabi.
Sa’diy Sheroziyning “Bo‘ston” asariga ishlangan miniatyura.
Ushbu asar Turkiyaning Turk va Islom asarlari muzeyida saqlanuvchi qo‘lyozmadan olingan miniatyuraning faksimil nusxasi hisoblanadi.
“Bo‘ston” 1257 yilda fors shoiri Sa’diy Sheroziy tomonidan yozilgan odob-ahloqqa oid doston bo‘lib, muallifning ilk yirik asari hisoblanadi. O‘nta bobdan iborat hikmatli mulohazalar janrida yozilgan asarida Sa’diy siyosiy, ijtimoiy va ma’naviy-ahloqiy masalalarga to‘xtalib, Sharq donishmandiga xos turli maslahatlar berib o‘tadi. Muallif qiziqarli tarzda turli mamlakatlardagi sayohatlari va sarguzashtlari haqida so‘zlab beradi. Dostonning bir hikoyasi Sa’diyning Hindistonga sayohatiga bag‘ishlanadi.
Hindistonning Sumanot hududidagi ibodatxonada Sa’diy katta hurmatga sazovor bo‘lgan butni ko‘radi. Haykal har kuni tongda go‘yo jonlanib qo‘lini ko‘tarardi, bu mo‘jizani kuzatayotgan butparastlarning e’tiqodi esa yanada kuchayardi. Sa’diy butning siri nimada ekanligini bilib oldi – ibodatxona xizmatchilaridan biri parda ortiga berkinib, haykalni arqon bilan boshqarardi. Sir fosh qilingach, Sa’diy yolg‘onchi xizmatchini o‘ldirib, haykalni sindirib tashlaydi va ibodatxonadan qochib ketadi.
Kitob sahifalarining o‘ng tomonida tasvirlangan miniatyura “Bo‘ston”da keltirilgan “Hindistonga sayohat va butparastlarning zalolatlari” mavzusidagi hikoyasiga bag‘ishlangan.
Miniatyuradagi asosiy voqealar ibodatxonada bo‘lib o‘tadi. Me’moriy inshootning mehrob qismida taxt ustida hukmdor ko‘rinishidagi tillarang Budda haykali tasvirlangan.
Tasvirning o‘ng tomonida Hindistonga sayohat qilgan va u yerda asir tushib, buddizm dinini qabul qilishga majburlangan Sa’diy ko‘rsatilgan. Chap tomonda qora bosh kiyim, egniga qora libos kiygan, o‘ng qo‘lida oq tasbeh ushlagan ibodatxona braxmani Sheroziyni qabul qilayotgani tasvirlangan. Ular o‘rtasida diniy marosimlar uchun mo‘ljallangan buyum turibdi.
O‘ng tomonda uch nafar turli yoshdagi insonlar – biri kitob ushlagan, yana biri qo‘llarini birlashtirib ko‘targan va keksa inson qo‘lida tasbeh bilan ko‘rsatilgan. Ibodatxonaning o‘ng tomonida voqeani kuzatib turgan bir guruh insonlar turli din vakillari tasavvurini beradi.
Ibodatxona devor va gumbaz naqshlarining asosiy foni to‘q ko‘k rangda berilgan, unda qizil, sariq va oq rangdagi mayda gullar o‘simliksimon naqsh turi orqali tasvirlangan. Ibodatxonaning kiraverish qismida ikki ustun ko‘rinishidagi o‘simliksimon zarhal naqsh bilan bezatilgan qizil rangdagi parda tasvirlangan.
Orqa tomonda o‘simlik va daraxtlar to‘q yashil rangda ko‘rsatilgan bo‘lib, daraxt ustida ramziy ma’noda boshi egilgan oq rangli qushning tasviri go‘yoki “haq dinning” egilishi tasavvurini beradi.
Osmonning tillarangda berilganligi voqealarning kunduzi bo‘lib o‘tayotganini anglatadi.
Kompozitsiyaning o‘ng yuqori burchak qismida Sa’diy Sheroziyning forsiyda bitilgan “Bo‘ston” asaridan olingan parcha quyidagilarni bayon etadi:
Chopib keldilar xamma hurmat qilib,
Qo‘lim tutdilar hamma izzat qilib.
Miniatyuraning pastki qismida yuqoridagi baytning davomi bitilgan:
Suyak taxti ustidagi but tomon,
Borib ayladim arzu uzrim bayon.
КK-614. INV-166.