SENTABR
09
2026

AR-RIYODDA O‘ZBEK MINIATYURA SAN’ATI: BUXORODAN ARABISTONGACHA MUQADDAS YO‘LLAR BO‘YLAB HIKOYALAR

O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Saudiya Arabistoni Podshohligining Ar-Riyod shahrida O‘zbekiston Respublikasining Saudiya Arabistonidagi Elchixonasi tashabbusi bilan “Miniatyura san’ati: Buxorodan Arabistongacha muqaddas yo‘llar bo‘ylab hikoyalar” mavzusida madaniy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.

Mazkur tadbir O‘zbekistonning ko‘p asrlik tasviriy san’at an’analarini, xususan, Sharq miniatyura san’atining betakror estetik va ilmiy-badiiy merosini xalqaro madaniy makonda keng targ‘ib etish, shuningdek, mamlakatimizning boy madaniy merosini Saudiya Arabistoni jamoatchiligiga yaqindan tanishtirishga qaratilgani bilan alohida ahamiyat kasb etdi.

Tadbir doirasida Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura san’ati muzeyi direktori Gulabza Qarshiyeva, san’atshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktorlari (PhD) Asalxon Raxmatullayeva va Zilola Asqarova tomonidan miniatyura san’atining tarixiy ildizlari, o‘ziga xos badiiy-estetik xususiyatlari hamda Sharq sivilizatsiyasi taraqqiyotidagi o‘rni haqida ilmiy ma’ruzalar taqdim etildi.

Tadbirning asosiy qismidan o‘rin olgan ko‘rgazmada O‘zbekistonning taniqli miniatyurachi rassomlari Davron Toshev, Feruz Qurbonov va Sherzod Arifboyevning ijodiy ishlari namoyish etildi. Mazkur asarlarda milliy tasviriy tafakkur, qadimiy badiiy an’analar va zamonaviy ijodiy izlanishlarning o‘zaro uyg‘unligi yorqin namoyon bo‘ldi.

Quvonarlisi tadbirga Saudiya Arabistoni Qirollik oilasi vakili, Q.O.H. Malika Nura bint Saud bin Nayif Al Saud, AlMashtal asoschisi va bosh direktori tashrif buyurib, ko‘rgazma bilan yaqindan tanishdi. Malikaning tashrifi tadbirga bo‘lgan yuksak e’tibor va xalqaro qiziqishning yorqin ifodasi bo‘ldi.

Shuningdek, tadbirda O‘zbekiston Respublikasining Saudiya Arabistoni Podshohligidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Nodirjon Turg‘unov, shuningdek, Turkiya, Ozarbayjon va Qirg‘iziston Respublikasining Saudiya Arabistonidagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari ishtirok etdi.

Tadbirda tasviriy va amaliy san’at yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan yetakchi universitetlarning professor-o‘qituvchilari, san’atshunoslar, tadqiqotchilar, ijodkorlar hamda madaniyat sohasi vakillari ham jam bo’ldi.
Mazkur tadbir O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi madaniy aloqalarni yanada rivojlantirish, ikki xalqning boy tarixiy va ma’naviy merosini o‘zaro anglash hamda xalqaro madaniy hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiluvchi muhim tashabbuslardan biri bo‘ldi.