“Istiqlol farzandlari – Namangan iste’dodlari” nomli ko‘rgazma ochildi.
2026-yil 25-avgust kuni Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura san’ati muzeyida Vatanimiz mustaqilligining muborak 35 yilligiga bag‘ishlangan “Istiqlol farzandlari – Namangan iste’dodlari” nomli ko‘rgazma ochildi.
Ekspozitsiyada ijodiy yo‘li mustaqillik davri bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan yosh namanganlik rassomlarning miniatyura, naqsh hamda xattotlik yo‘nalishlarida ishlangan 70 dan ziyod asarlari namoyish etilmoqda.
Ko‘rgazma ochilishida so‘zga chiqqan soha vakillari namoyishga qo‘yilgan san’at asarlari zamonaviy O‘zbekiston miniatyura san’atida yangilik bo‘lib, o‘ziga xos Namangan maktabi shakllanayotganidan dalolat ekanligini ta’kidladilar. Shuningdek, mehmonlar ushbu loyiha bardavom bo‘lishini tilab qoldilar.
Tadbir davomida yosh rassomlarning ijodiy izlanishlari, milliy san’atimiz rivojiga qo‘shayotgan hissasi hamda mahorati alohida e’tirof etildi.
Ko‘rgazma san’at ixlosmandlarida katta qiziqish uyg‘otdi hamda Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligiga munosib sovg‘a bo‘ldi.