IYUN
24
2026

O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi hamda “Hunarmand” uyushmasi a’zosi, taniqli xattot Islom Mamatov bilan ijodiy uchrashuv

Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura san’ati muzeyida O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi hamda “Hunarmand” uyushmasi a’zosi, taniqli xattot Islom Mamatov bilan ijodiy uchrashuv tashkil etildi.
      Uchrashuv davomida Islom Mamatov o‘zining yetuk xattotlik darajasiga erishgunga qadar bosib o‘tgan hayot va ijod yo‘li, amaliy san’atning turli yo‘nalishlarini egallash sirlari hamda ustozlari haqida batafsil so‘zlab berdi.
     Tadbirda qatnashgan mehmonlardan biri, milliy cholg‘u asboblari ustasi Rahmatilla Zokirov xattotning qimmatli maslahatlari va g‘oyalari asosida yaratilgan dutorlarni namoyish etdi. Mazkur cholg‘u asboblari yuzasiga Sa’diy Sheroziy va Abdurahmon Jomiy g‘azallaridan keltirilgan  baytlar sadaf qadama uslubida, go‘zal xat namunalari bilan bezatilgani yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.
     Savol-javoblarga boy o‘tgan tadbir so‘ngida Islom Mamatov O‘zbekiston milliy xattotlik maktabi an’analarini rivojlantirish, uni yosh avlodga yetkazish hamda tasviriy va amaliy san’at sohasiga qo‘shgan ulkan hissasi uchun, shuningdek, Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura san’ati muzeyida tashkil etilgan “Nuqtadan taralgan nur” nomli ko‘rgazmani tashkilllashtirishda faol ishtiroki uchun O‘zbekiston Badiiy akademiyasining Diplomi bilan taqdirlandi