IYUN
19
2026

Nuqtadan taralgan nur: Ustoz va shogirdlar ijodini birlashtirgan ko‘rgazma

Bugun Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura san’ati muzeyida O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi, taniqli xattot Islom Mamatov hamda uning shogirdlari ijodiga bag‘ishlangan “Nuqtadan taralgan nur” nomli ko‘rgazmaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ko‘rgazmada ustoz va shogirdlar tomonidan yaratilgan 60 ga yaqin xattotlik asari namoyish etilmoqda. Ekspozitsiya nomi chuqur ramziy ma’noga ega bo‘lib, qariyb qirq besh yildan buyon mohir xattot qalamidan tomgan har bir nuqta ilm-ma’rifat, hikmat va ma’naviy meros nurini taratib kelayotganini ifodalaydi.

Islom Mamatov uzoq yillar davomida ushbu ziyo maskanida ko‘plab shogirdlarga saboq berib, xattotlik san’atining davomchilari bo‘lgan yangi avlod ijodkorlarini tarbiyalab kelmoqda. Ko‘rgazma ana shu ustoz-shogird an’analarining yorqin namunasi sifatida tashkil etildi.

Tadbirda xattotning shogirdlari, hamkasblari hamda sharqshunos olimlar ishtirok etdilar. Ular qadimiy xattotlik san’atining ilm-fan va madaniyat taraqqiyotidagi o‘rni, shuningdek, tariximizda o‘chmas iz qoldirgan buyuk xattotlarning boy merosi haqida fikr almashdilar.

Ko‘rgazma tashrif buyuruvchilarda katta qiziqish uyg‘otib, milliy madaniy merosimizni asrab-avaylash va targ‘ib etish yo‘lidagi muhim madaniy tadbirlardan biriga aylandi.