Amir Temur va temuriylar davriga bag‘ishlangan noyob ko‘rgazma ochildi.
8-aprel kuni Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura san’ati muzeyida Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan “Amir Temur va temuriylar davriga sayohat” nomli ko‘rgazma ochildi.
Ekspozitsiyada buyuk davlat arbobi va sarkarda Amir Temur hayoti, harbiy yurishlari va adolatli siyosati aks etgan o‘rta asrlarning mashhur ijodkorlari — Sharafiddin Ali Yazdiy (“Zafarnoma”) va Abdulla Xotifiy (“Temurnoma”) asarlaridan namunalar (faksimil nusxalar) namoyish etilgan.
Shuningdek, zamonaviy o‘zbek rassomlarining buyuk ajdodimiz Amir Temur va uning munosib vorislari — Mirzo Ulug‘bek, Husayn Boyqaro hamda Zahiriddin Muhammad Boburlarga bag‘ishlangan asarlari ko‘rgazmada o‘ziga xos o‘rin egallagan.
Muzey fondi, Badiiy ko‘rgazmalar direksiyasi to‘plami hamda shaxsiy kolleksiyadan tashkil topgan ko‘rgazmada rangtasvir, grafika va miniatyura yo‘nalishida yaratilgan 50 dan ziyod asar namoyish etilmoqda.
Ko‘rgazma 18-aprelga qadar davom etadi.