Amir Temur merosi va Temuriylar Renessansi haqida muhim ilmiy muloqot bo‘lib o‘tdi.
3-aprel kuni Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura san'ati muzeyida buyuk sarkarda, yirik davlat arbobi, fan, madaniyat va san’at homiysi Sohibqiron Amir Temurning 690 yilligiga bagʻishlangan “Ikkinchi Renessans: Temur va temuriylar” mavzusida seminar boʻlib oʻtdi.
Tarix ixlosmandlarini jamlagan ushbu tadbirda Oʻzbekiston gidlar Assotsiatsiyasi a'zosi, I-toifali gid, 27 yillik tajribaga ega boʻlgan mutaxassis Muhabbat Xasanova ma'ruza bilan qatnashib, buyuk ajdodimizning zafarli hayoti va siyosati, aqli va salohiyati haqida soʻzlab berdi. Shuningdek, temuriylar davrida fan, madaniyat va san'at yutuqlari haqida ham toʻxtalib oʻtdi.
Tadbir davomida Muhabbat Xasanova muzey xodimlari bilan gid kasbini egallashdagi muhim jihatlar hamda tomoshabinni ekskursiya jarayonida jalb etish sirlari bilan boʻlishdi.
Seminar qatnashchilarda katta qiziqish uygʻotdi hamda bahs-munozaralarga boy tarzda oʻtdi.