FEVRAL
13
2026

13-13 fevral Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura sanʼati muzeyi mehmonlarga boy va mazmunli ekskursiyalar bilan eshiklarini ochdi.

12-fevral kuni Shayxontohur tumanidagi 34-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchilari muzey ekspozitsiyalari bilan yaqindan tanishdilar. Tashrif davomida ularga muzey fondida saqlanayotgan noyob asarlar, ularning yaratilish tarixi va badiiy ahamiyati haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, Kamoliddin Behzod ijodiga bag‘ishlangan animatsiyalashtirilgan asarlar namoyish etildi.

Shu kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti talabalari ham muzey mehmoni bo‘ldilar. Ekskursiya davomida talabalarga o‘rta asr Sharq kitobat san’atining shakllanish va rivojlanish bosqichlari, zamonaviy miniatyura san’ati namunalari hamda amaliy san’at asarlari haqida atroflicha ma’lumot berildi.

13-fevral kuni esa Olmazor tumanidagi “Sehriyo” nodavlat ta’lim muassasasi o‘quvchilari muzeyga tashrif buyurdilar. Muzey xodimlari tomonidan qadimiy kitob yaratish jarayonlari — ipak qog‘ozni qo‘lda tayyorlash, xattotlik san’ati, miniatyura ishlash bosqichlari hamda muqovalash an’analari haqida batafsil tushuntirishlar berildi.

Mazkur tashriflar yosh avlodni milliy madaniy merosimiz bilan yaqindan tanishtirish, ularda tarixiy qadriyatlarga hurmat va qiziqishni yanada oshirishga xizmat qilmoqda.