Ko‘rgazmalar

2023 yil 16 mart kuni O‘zbekiston Badiiy Аkademiyasi Sirdaryo ixtisoslashtirilgan sanʼat maktab-internati Miniatyura fani o‘qituvchisi Husan Toshboyev va uning shogirdlari ishtirokida miniatyura asarlaridan iborat “Tasavvur va tasvir” nomli ko‘rgazma tashkil etildi.

2023 yil 16 mart kuni O‘zbekiston Badiiy Аkademiyasi Sirdaryo ixtisoslashtirilgan sanʼat maktab-internati Miniatyura fani o‘qituvchisi Husan Toshboyev va uning shogirdlari ishtirokida miniatyura asarlaridan iborat “Tasavvur va tasvir” nomli ko‘rgazma tashkil etildi. Sirdaryo ixtisoslashtirilgan sanʼat maktab-internatida hozirgi kunda dastgohli rangtasvir, interer dizayni, haykaltaroshlik, yog‘och o‘ymakorligi, gobelen, kashtachilik, badiiy naqqoshlik, badiiy kulolchilik, rangtasvir va amaliy sanʼat asarlarini qayta tiklash yo‘nalishlari, libos dizaynerligi yo‘nalishi bo‘yicha 400 nafarga yaqin iqtidorli o‘quvchilar tahsil oladi. Maktab-internet o‘quvchilari viloyat, respublika, xalqaro miqyosdagi festivallar, ko‘rgazmalar va tanlovlarda faol ishtirok etib kelmoqdalar.

Sirdaryo ixtisoslashtirilgan sanʼat maktab-internatida badiiy miniatyura yo‘nalishi o‘ziga xos o‘ringa ega. Tasviriy sanʼatning alohida turi sifatida bu yo‘nalish ijodkordan katta mahorat va professionallik talab etadi, chizma qanchalik nafis va yorqin bo‘lsa, miniatyura shunchalik yuqori baholanib, muallifning yuksak kasbiy mahoratining darajasini bildiradi. Shuningdek, miniatyura yaratish juda murakkab va ko‘p vaqt talab qiladigan jarayon bo‘lganligi sabab, u matonat, katta sabr-toqat, mustahkam qo‘l, o‘tkir nigoh hamda boy tasavvurni talab qiladi. Ko‘rgazma o‘z tasavvurlarini chizgilar orqali tasvirlarda ifodalagan O‘zbekiston Badiiy Аkademiyasi Sirdaryo ixtisoslashtirilgan sanʼat maktab-internati Miniatyura fani o‘qituvchisi Toshboyev Husan Baxtiyorovich va uning shogirdlarining asarlaridan tashkil topgan.

H.Toshboyev ijodini 1997 yil Guliston sanʼat bilim yurti “Bezakchi rassom” bo‘limida o‘qish jarayonida boshlagan. 2006 yil Guliston davlat universiteti “Tasviriy sanʼat va muxandislik grafikasi” taʼlim yo‘nalishi, 2008 yilda Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti “Xattotlik va miniatyura” taʼlim yo‘nalishi magistraturasini tamomlagan. 2016 yilda Ukraina davlati Pereyaslav-Xmelnitsikiy shahrida 26-xalqaro ilmiy amaliy anjumanda “Аmir Temur va Temuriylar davrida Movarounnahr tasviriy sanʼat ustalari” hamda “Аnʼanaviy miniatyura sanʼatida zamonaviylik yoshlar nigohida” tadbirlarida asarlari bilan faol ishtirok etgan. H.Toshboyev Respublika va viloyat tasviriy sanʼat ko‘rgazmalari va koʼrik-tanlovlarida ishtirok etib, sertifikat va diplomlar bilan taqdirlangan.

Ko‘rgazmada uning shogirdlari, o‘quvchilari Saidqulov Shohjahon, Аbdunazarov Nuriddin, Sherbekov Nursaid, Ergasheva Malikalarning ijod namunalari namoyish etilyapti. Ular o‘z ustozlari rahbarligida doimo yangilikka intilib, o‘z mahoratlarini rivojlantirmoqdalar va shu bilan birga, yangi shakllarga ega bo‘lgan anʼanalarni saqlab qolishga harakat qilmoqdalar.

50 dan ortiq asarlar namoyish etilayotgan ko‘rgazma 12 aprelgacha davom etadi.