Ko‘rgazmalar

Mohir kulol Baxtiyor Nazirovning «Rishton moviy kulolchiligi» nomli shaxsiy ko‘rgazmasi ochildi

27 sentyabr kuni soat 17:00da Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura san’ati muzeyida moxir kulol Baxtiyor Nazirovning «Rishton moviy kulolchiligi» nomli shaxsiy ko‘rgazmasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

 

Baxtiyor Nazirov bugungi kunda Rishton an’anaviy kulolchilik maktabining yorqin namoyondalaridan biri bo‘lib, kulolchilik san’atida shuhrat qozongan, o‘z o‘rni va hurmatiga ega bo‘lgan ijodkor hisoblanadi. Hunarmandning loydan tayyorlangan turli buyumlari chiroyli va ko‘rkam naqshlari bilan diqqatni tortadi.

Bugungi kunda Rishton kulolchiligi an’analariga tayanib bir qancha kulollar ijod qilib kelmoqda. Baxtiyor Nazirov ham shunday kulollar sirasiga kiradi. Akasi bilan birgalikda 30 yildan buyon Rishton kulolchiligi sohasida ustoz-shogird maktabi an’anasini davom ettirib kelayotgan Baxtiyor Nazirov Rishton kulolchilik maktabining yorqin vakillaridan biri hisoblanadi.

U turli hajmda dukki kosa, labaki kosa, miyona tovoq, lagan ko‘za, choynak, piyola, murg‘oba, oftoba kabi an’anaviy idishlar tayyorlaydi. Kulol qadimgi Markaziy kulolchiligi uslubiga Rishton motivlarini o‘zining ijodiy yondashuvi orqali qo‘shib, behisob asarlar yaratmoqda, yaratgan buyumlari shakl jihatidan ham, bezak jihatdan ham takrorlanmasdir.

Usta o‘zining asarlarida islimiy naqshlari, qadimgi bezak mavzulari va tasvirlaridan keng foydalanadi. Ba’zi asarlaridagi naqshlarda kashtachilikda uchraydigan “anorguli”, “bodomguli” motivlari qo‘llanilganini ko‘rish mumkin. Baxtiyor Nazirov o‘z ijodida ko‘plab tajribalar o‘tkazishga ishtiyoqi baland. Misol tariqasida shuni aytish mumkinki, u kulolchilik asarlarida tasvirlangan motivlarni zamonaviylashtirish maqsadida “bodomguli” naqshi ustida bir qancha urinishlar olib bordi.

Ko‘rgazmada ustaning 300 dan ortiq kulolchilik buyumlari namoyish etildi.

Ko‘rgazma 22 oktyabrgacha davom etadi.