Yangiliklar

Kamoliddin Behzod nomidagi memorial bog‘-muzeyida keng muhokama uchun yangi ko‘rgazma

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekiston Respublikasining fan va texnika, adabiyot, san’at va me’morchilik sohasidagi Davlat mukofotlari kengashi 2017 yilda beriladigan San’at va memorchilik sohasidagi Davlat mukofotlari tanloviga quyidagi ishlar keng jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazish uchun Kamoliddin Behzod nomidagi memorial bog‘-muzeyida ko‘rgazmaga qo‘yildi.
Ismoilov B.A. “Qalliqlar bog‘i” nomli turkum asarlar to‘plami. Tangtasvir asarlar to‘plami. Rangtasvirchi, grafik, teatr bezakchi rassomi. O‘ziga xos iqtidorga ega rassom Bobur Ismoilov asarlari negizida qarama-qarshiliklar kurashi va birligi haqidagi qadimgi Sharq falsafasi ta’limoti yotadi. Rassomning asarlarini tomosha qilgan odam ularda go‘zal madaniyatni ko‘radi. Rassom o‘z asarlari bilan turli xorijiy va xalqaro ko‘rgazmalarda ishtirok etib kelmoqda.
Shoyoqubov Sh.K. “Zamonaviy O‘zbekiston miniatyurasi” kitob-albomi (o‘zbek, rus va ingliz tillarida). O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Shoxalil Shoyoqubov xalqimizning boy va go‘zal merosi bo‘lmish o‘rta asrlar miniatyurasi san’atining ilg‘or an’analarini hozirgi zamon san’atiga ijodiy singdirishga katta hissa qo‘shib kelmoqda. Shu bilan birga miniatyurachi rassomlar bilan zamonaviy miniatyura maktabini yaratish borasida ish olib bormoqda.
Mahkamov Q.A. “Yurtim gavhari” milliy ganch va naqqoshlik asarlari to‘plami. O‘zbekiston Badiiy Akademiyasi Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi, ganch o‘ymakor usta Qayumjon Mahkamov mustaqillik yillarida bajargan har bir ijodiy asarida o‘ziga xos shakl, ornament va koloritda uning betakrorligi namoyon bo‘ladi.
Rahmatillayev S.R. Toshkentdagi Hazrati Imom me’moriy majmuasiga ishlangan “Samoga yuksalish” nomli milliy o‘ymakor darvoza va eshiklar to‘plami. Yog‘och o‘ymakorligi asarlari. Usta tomonidan yaratilgan san’at asarlarida naqshlarning boyligi, nozikligi hamda ijroning nafisligi mujassam. Turli motivlar aniq va ravshan ishlangan bo‘lib, ustaning asarlarida yuqori badiiy saviya va ifoda sezilib turadi.
Aliqulov A.M. O‘zbekiston tarixi, madaniyati, urf-odatlari mavzularidagi tasviriy san’at asarlari turkumi. Tarixiy va jang manzarasini tasvir etgan, eng yaxshi realistik an’analarga xos tarzda yaratilgan, dastgohli polotnolar va devorga ishlangan mahobatli asarlar muallifidir. O‘zbekiston Badiiy Akademiyasining “Oltin medal” hamda “Shuhrat” medali sohibi. Rassom yaratgan asarlari bilan ko‘plab xorijiy va xalqaro ko‘rgazmalarda ishtirok etib, katta yutuqlarga erishgan.