Ko‘rgazmalar

“Zamonaviy Eron xattotligi va miniatyurasi” nomli ko‘rgazmasi bo’lib o’tdi.

Ko‘rgazmaning mualliflari Ali Ashraf Sanduqabodiy va Afsona Shahboziy Eron xattotlik va miniatyura san’atining qadimiy an’analarini davomchilaridir.

Ko‘rgazmada namoyish etilayotgan mashhur xattot va naqqosh Ali Ashraf Sanduqabodiy kompozitsiyalarida olti xat turi “Aqlomi sitta”dan biri bo‘lgan nasx hamda o‘zining go‘zalligi va nafisligi bilan “Islom xati kelinchagi” nomini olgan nasta’liq xat turidan keng foydalanadi. Musavvir asarlaridagi fors bitiklarining nozik chizgilari oltin suvi yugurtirilgan islimiy naqshli tazhib bilan ziynatlangan (Tazhib – oltin ranglar bilan naqshlash san’atidir). Professor Ali Ashraf Sanduqabodiy aytishicha, u xattotlik san’atiga endigina qadam qo‘yganida birgina “Nun” harfini yozishi va uning mukammal shaklini topishi uchun 12 soat sarflagan ekan. Sevimli kasbiga umrining 42 yilini baxshida etgan bu ijodkor bugungi kunda Ustoz degan yuksak unvonga sazovor bo‘lib, Eron Хattotlar Assotsiatsiyasi vitse-prezidenti lavozimini egallab kelmoqda va Eron islom sivilizatsiyasining tarixiy, madaniy va badiiy merosini qayta tiklash, asrab-avaylashda katta hissa qo‘shmoqda.

Taniqli rassom Afsona Shahboziy Eron tasviriy san’atida o‘ziga xos uslubga ega ijodkor hisoblanadi. Ko‘rgazmada uning xattotlik va tazhib, shams, zarvaraq ishlari hamda miniatyura asari o‘rin olgan. Yuksak did va mahorat bilan ishlangan bejirim naqshlarida musavvir 24 karatli oltindan foydalanadi. Buyuk fors shoiri va mutafakkiri Hofiz Sheroziyning “Layli va Majnun” asariga ishlangan miniatyurada ushbu mo‘jaz san’atning qadimiy Erondagi Tabriz va Isfahon maktablari an’analari va rassomning zamonaviy yondashuvi o‘z aksini topgan. Afsona Shahboziy ko‘plab mahorat darslari, mahalliy va xorijiy ko‘rgazmalarda ishtirok etib, Eron tasviriy san’atini keng targ‘ib qilib kelmoqda.  Yigirma yettita asardan iborat ko‘rgazma Eronning boy madaniy va badiiy merosini namoyon etib, o‘zbekistonlik tomoshabinlarga zamonaviy Eron xattotligi va miniatyura san’atida kechayotgan jarayonlar bilan tanishish imkonini beradi.