Без рубрики

SEVISHGANLAR

“SEVISHGANLAR”. 2005-yil.

Musavvirlar: Qahramon Shoislomov, Shorasul Shoahmedov

Ushbu asar ikki iste’dodli miniatyurachi rassom Qahramon Shoislomov (1972-2022) va Shorasul Shoahmedov (1970-yilda tug‘ilgan) larning ijodiy loyihasidir. O‘rta asrlar miniatyura san’ati maktablarining o‘ziga xos xususiyatlaridan bo‘lgan, qo‘lyozma uchun illyuminatsiyalar tayyorlashda saroy kutubxonalarida xizmat qilgan miniatyurachi rassomlar o‘rtasida vazifalarni taqsimlash an’analarini davom ettirgan holda ushbu asar mualliflari ham miniatyuradagi portret (Sh.Shoahmedov) va naqshinkor bezaklar (Q.Shoislomov) yaratish bosqichlarini o‘zaro bo‘lishib olishgan.

Miniatyura qadimiy shoyi qog‘oz ustiga portret janrida ishlangan. Simmetrik kompozitsiya shartli ravishda uch qismga bo‘lingan: markaziy qismdagi oshiqlarning ikki kishilik portreti hamda ikki yon tomondagi yakka erkak va ayol tasvirlaridan iborat.

Sevishganlarning tasviri o‘rta asr Sharq kitobat san’atiga xos “unvon” hamda “zarvaraq” uslubidagi yorqin o‘simliksimon naqshlar bilan bezatilgan hoshiya ichiga  joylashtirilgan.

Asar markazida bahor faslida tabiat qo‘ynida gullagan daraxt yonida o‘tirgan ikki sevishganning visol onlari aks ettirilgan. Kompozitsiyada zumradrang ko‘ylak ustidan jigarrang kaba va boshiga oq salla kiyib olgan yigit, egniga to‘q sariq ko‘ylak ustidan qizil kiyim kiygan, boshiga ro‘mol va tillaqosh taqib olgan sevgilisini bag‘riga bosib o‘tiribdi.

Tevarak atrofda turli xil ochilgan gullar va to‘q ko‘k rangda oqayotgan buloq atrofida toshlar bilan ifodalangan. Asarning orqa fondagi ufq chizig‘ining past joylashuvi kompozitsiyaga yengillik va havodorlik bergan holda tomoshabin e’tiborini miniatyuraning asosiy qahramonlariga qaratadi.

Miniatyura kompozitsion markazining o‘ng va chap tomonlarida, medalyonlarda qahramonlarning yakka tasvirlari joylashtirilgan – o‘ng medalyonda qo‘lida gul ushlagan qiz portreti, chapda esa ramziy qizil olma tutgan yigit portreti ko‘rsatilgan. Asar kompozitsion qurilishi o‘ziga xos bo‘lib, yakka portretlarda tasvirlangan oshiqlar bir-biriga qarab turibdi, ular birga o‘tirgan markaziy qo‘sh tasvirda esa ularning nigohlari bir tomonga qaratilgan.

Miniatyuradagi har uchala portret ham ko‘k, feruzarang, qizil, yashil, qora va zarxal ranglardagi nozik “islimiy” naqshlar bilan bezatilgan. Asardagi yorqin kolorit, naqsh chiziqlarining nozikligi va nafisligi miniatyuraga bayramona kayfiyat bag‘ishlaydi.

КК213